Tramp qarorgohida oʻtkazilgan tintuv uchun oʻziga 1 milliard dollar tovon puli tayinlashi mumkinligini aytdi

13:18 20 Dekabr 2025 Dunyo
484 0

AQSH prezidenti Donald Tramp hukumat nomidan oʻziga 1 milliard AQSH dollari miqdorida tovon puli (kompensatsiya) toʻlashi mumkinligini istisno etmadi. Gap Federal qidiruv byurosi (FQB) tomonidan uning Florida shtati Palm-Bich shahrida joylashgan “Mar-a-Lago” shaxsiy qarorgohida oʻtkazilgan tintuv haqida bormoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.

AQSH rahbarining taʼkidlashicha, agar mazkur mablagʻlar undirilsa, ular toʻliq xayriya jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladi.

“Bilasizmi, men daʼvo arizasi kiritdim va ishda yutyapman. Faqat bitta muammo bor — ushbu ishni hal qilishim kerak boʻlgan shaxs ham oʻzimman. Boshqacha aytganda, men daʼvo qilaman va uni oʻzim hal qilaman. Shuning uchun, ehtimol, oʻzimga 1 milliard dollar tayinlab, barchasini xayriyaga ajratarman. Bu oqilona. Bunday holat ilgari boʻlmagan. Donald Tramp AQSHni sudga beradi, Donald Tramp prezident boʻladi va endilikda Donald Tramp oʻz daʼvosini hal qilishiga toʻgʻri keladi. Balki mablagʻni xayriyaga berishim ham shart emasdir, balki uni oʻzimda qoldirishim kerakdir. Koʻpchilik shunday qilishimni aytmoqda. Yoʻq, men bunday qilmoqchi emasman. Ammo bu juda gʻalati vaziyat emasmi? Men oʻzim bilan kelishuv tuzishim va oʻzim bilan muzokara olib borishim kerak”, — dedi u.

Avvalroq xorijiy ommaviy axborot vositalari respublikachi siyosatchi oʻtmishda unga nisbatan olib borilgan federal tekshiruvlar uchun AQSH Adliya vazirligidan taxminan 230 million dollar miqdorida tovon puli talab qilish niyatida ekanini xabar qilgan edi.

Maʼlum qilinishicha, Donald Tramp 2023 va 2024-yillarda, jumladan, Federal qidiruv byurosi tomonidan “Mar-a-Lago” qarorgohida oʻtkazilgan tintuv chogʻida uning huquqlari buzilgani yuzasidan ikkita maʼmuriy shikoyat bilan murojaat qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?