Rossiyaning ommabop “STS” telekanali Oʻzbekistondagi gastronomik turizm haqida hikoya qildi

19:08 13 Dekabr 2023 Madaniyat
614 0

Belgili oshpaz Aleksandr Belkovichning Oʻzbekistondagi gastronomik turizmga bagʻishlangan reportaji Rossiyaning ommabop “STS” telekanalida namoyish etildi.

Reportaj davomida boshlovchi goʻzal va betakror joylarni koʻrsatib, Toshkent, Samarqand va Oʻzbekiston viloyatlaridagi eng mazali taomlar taklif qiladigan restoran va kafelarga tashrif buyurishni tavsiya qiladi. Mamlakat gastronomik sayohatlar uchun ajoyib joyligi, mahalliy oshxona esa xilma-xil taomlardan iboratligi taʼkidlanadi. Oʻzbekistonning turli hududlarida palov, qoʻy goʻshtidan kabob, somsa, tandir goʻsht va mashhur tandir nonlari kabi asosiy taomlar retseptlari bilan farqlanadi.

Dastur boshlovchisi mamlakat milliy madaniyatning asosiy elementi boʻlgan mehmondoʻstlik bilan mashhur ekanligini taʼkidlaydi. Buni isbotlash uchun Aleksandr Belkovich Toshkentdagi goʻzal sharqona bozor va milliy taomlarning sara restoranlariga tashrif buyuradi va u yerda turli taomlarni tatib koʻradi. U Oʻzbekistonning anʼanalari haqida samimiy zavq bilan soʻzlaydi, avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan retseptlarning sir-asrorlari bilan oʻrtoqlashadi, bir qator milliy taomlar, jumladan, YUNESKOning nomoddiy merosi roʻyxatiga kiritilgan palovni tatib koʻrishni tavsiya qiladi.

Reportajda dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar bu yerga nafaqat diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish, balki oʻzbek gastronomiyasining betakror olamini koʻrish uchun ham kelishlari qayd etilgan. Qolaversa, oʻzbek xalqining samimiy mehr-oqibati va tirishqoqligiga eʼtibor qaratilgan.

Shu bilan birga, boshlovchi Chorsu bozoriga boradi va Toshkent ikki ming yil davomida savdo-iqtisodiy markaz sifatida muhim oʻrin tutganini urgʻulaydi. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda gastronomik turizm jadal surʼatda rivojlanayotgani alohida taʼkidlanadi.

Bundan tashqari, Aleksandr Belkovich Toshkent metrosiga ham tushib, metro bekatlarining oʻziga xosligi va goʻzalligini qayd etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?