Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olishi xalqaro hamjamiyatning keskin noroziligiga sabab boʻlmoqda

Foto: РИА «Новости»
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 21-fevral oqshomida Ukraina sharqida oʻzini Donesk Xalq Respublikasi (DXR) va Lugansk Xalq Respublikasi (LXR) deb atab kelayotgan hududlar mustaqilligini tan olishga oid farmon imzoladi. Bu esa Amerika Qoʻshma Shtatlari va Yevropadagi aksariyat davlatlarning keskin noroziligiga sabab boʻldi.
Xalqaro hamjamiyat Rossiya rahbariyatining bu qarorini “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga raxna solish”, “xalqaro qonunchilikni oshkora buzish” deb baholamoqda.
Xususan, AQSH va Yevropa Ittifoqi rahbarlari qisqa fursat ichida Rossiyaga nisbatan sanksiya qoʻllash rejasi haqida maʼlum qildi. Oq uy rasmiy bayonot eʼlon qilib, AQSH Rossiyaning bunday qadamini kutganligini bildirdi. Bayonotda mazkur qaror Moskva tomonidan xalqaro majburiyatlarning qoʻpol ravishda buzilishi, deb atalgan. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ham bu qarorga munosabat bildirar ekan, “Bu xalqaro qonunchilikni ochiq-oshkora buzishdir. Bu Ukraina suvereniteti va birligiga yaqqol raxna solishdir, tajovuzdir”, dedi.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Vladimir Putinning qarorini keskin qoralab, u “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga yanada katta putur yetkazishini va mojaroni bartaraf etishga qaratilgan barcha saʼy-harakatlarni chippakka chiqarishini va Minsk bitimlariga zid”ligini aytgan.
Yevroittifoq rahbarlari Sharl Mishel va Ursula fon der Lyayen Rossiya Prezidentining xatti-harakatini “eng keskin tarzda” qoralab, yangi sanksiyalar muqarrarligini eʼlon qilishgan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Putinning qarorini “Ukrainadagi mojaroni tinch yoʻl bilan hal etishga nisbatan jiddiy zarba” deb atadi. Polsha bosh vaziri Mateush Moraveskiy esa Kremlga qarshi “keskin chora koʻrish va zudlik bilan sanksiyalar joriy etish”ga chaqirgan.
Mazkur farmonga AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild ham keskin munosabat bildirgan.
U Putinning “DXR” va “LXR” mustaqilligini tan olish toʻgʻrisidagi farmoni “urush uchun bahona oʻylab topish”ga qaratilganini aytgan. Amerikalik diplomat Rossiya prezidentining “DXR” va “LXR”ga qoʻshin kiritishga oid farmoni xususida fikr bildirarkan, ular tinchlikparvar kuchlar deb atalishini “safsata” deb atagan. Tomas-Grinfild 22-fevral kuni Vashington “xalqaro huquqni ochiqcha buzgani uchun Rossiyani javobgarlikka tortish” boʻyicha yangi choralarini eʼlon qilishini qoʻshimcha qilgan.
AQSH prezidenti Jo Bayden, tez orada Rossiya prezidenti mustaqil, deb tan olgan Ukraina sharqidagi ikki ayirmachi respublikalar bilan “yangi sarmoya, savdo aloqalari va AQSH fuqarolari moliyasini taqiqlaydigan” hujjatni imzolaydi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki xabar qildi. Uning aytishicha, yana qoʻshimcha choralar koʻrib chiqilmoqda va bular Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish ehtimoli uchun avvaldan hozirlangan sanksiyalarga qoʻshimchadir.
Yevroittifoq bosh diplomati Jozep Borrel transatlantik hamkorlari bilan yakdilligini bildirib, Rossiyaning xatti-harakatlari jazosiz qolmasligini taʼkidlagan. Fransiya vakili Rossiya Ukrainada tinchlik oʻrnatishga qaratilgan ulkan saʼy-harakatlarni tamomila sabotaj qildi, deb hisoblashini aytgan. Biroq, uning fikricha, diplomatiya yoʻli hanuz ochiq. Avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning “DXR” va “LXR”ni tan olishini qoralab, “aniq yoʻnaltirilgan sanksiyalar” joriy etishga chaqirgandi.
Boltiqboʻyi davlatlari — Estoniya, Latviya va Litva hukumatlari Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan zudlik bilan sanksiya qoʻllashi lozim, degan bayonotni eʼlon qildi. Uch davlat, Ukrainadan farqli ham NATO, ham Yevropa Ittifoqi aʼzosidir. Latviya Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs: “Men eskalatsiyaning bu taxlit yoyilishi sanksiyalar bilan qarshi olinishi kerak, degan fikrda sobitman”, deb yozdi “Twitter” sahifasida. Boltiqboʻyi rahbarlari qoʻshma bayonotda xalqaro jamoatchilikni Rossiya agressiyasini toʻxtatish va Ukrainaga yordam berish bobida “imkon qadar kuchli choralar qoʻllash”ga chaqirdi.
Turkiya Rossiyaning “Donesk Xalq Respublikasi” va “Lugansk Xalq Respublikasi”ni tan olish farmonini qabul qilib boʻlmas, deb topib, uni rad etdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Rossiya Federatsiyasining mazkur farmoni Minsk shartnomasiga zid boʻlishi bilan bir qatorda Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olmaslik maʼnosini anglatishi taʼkidlangan. Diplomatlar shu munosabat bilan Turkiya Ukrainaning siyosiy va hududiy yaxlitligiga rioya etilishiga sodiq ekanini urgʻulab, manfaatdor tomonlarning barchasini xalqaro huquq meʼyorlariga rioya qilishga chaqirganlar.
Shu bilan bir qatorda, Xitoyning BMTdagi doimiy vakili barcha tomonlarni bosiqlik va muloqotga chaqirdi. Ayni paytda u Rossiya tomonidan “DXR” va “LXR” tan olinishiga rasmiy Pekinning munosabatini izohlamadi.
Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi Qozogʻistonning “DXR” va “LXR” bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha rasmiy pozitsiyasi ishlab chiqilayotgani, biroq mazkur ayirmachi tuzilmalarni tan olish masalasi kun tartibida turmaganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻistonning uzil-kesil munosabati “yaqin soatlarda Xavfsizlik kengashi yigʻilishida” qabul qilinadi.
Rossiyaning ittifoqchisi boʻlmish Suriya Prezidenti Bashar Asad esa “DXR” va “LXR” mustaqilligini tan olishga tayyor — bu haqda uning hukumati maʼlum qilgan.
Butun dunyoda katta bahs va munozaralarga sabab boʻlgan farmon yuzasidan Rossiya va Ukrainaning BMTdagi vakillari ham oʻz pozitsiyalarini bildirishgan.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Moskva hamon diplomatik yechimlar uchun ochiqligini, biroq Donbassda “yangi xunrezlik boʻlishiga yoʻl qoʻymasligi”ni urgʻulagan. U Minsk bitimlari barbod boʻlishining asosiy sababi Kiyevning “DXR” va “LXR” bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilishdan bosh tortganida ekanini aytgan. Shuningdek, Nebenzya Rossiya Minsk bitimlarida tomon hisoblanmasligi, Moskvaning ushbu ayirmachi respublikalarni tan olishi esa ushbu bitimlar tomonlari tarkibini oʻzgartirmasligini taʼkidlagan.
Ukraina vakili Sergey Kislitsa oʻz mamlakatining muzokaralarga tayyorligini bildirgan va Rossiyadan tan olish haqidagi farmonni bekor qilib, muzokaralar stoliga oʻtirishni talab qilgan. Diplomatning bu fikrlari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning BMT Xavfsizlik kengashi yigʻilishi boshlanishidan oldinroq fuqarolarga murojaat bilan chiqib aytgan gaplariga hamohang. U Rossiyaning xatti-harakatlari Ukrainani qoʻrqita olmaganini, mamlakat mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish ahdiga sodiqligini taʼkidlagan edi.
Abduvali SOYIBNAZAROV, sharhlovchi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring