Rossiyalik ekspert: «Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi vaziyatni belgilab beruvchi davlatdir»

10:12 11 Mart 2020 Jamiyat
777 0

Arxiv foto

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ­Oʻzbekiston olib ­borayotgan faol tashqi siyosat va tizimli diplomatiya xorijlik ­ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Xususan, Rossiya ­xalqaro ishlar boʻyicha kengashi rasmiy veb-saytida eʼlon ­qilingan “Oʻzbekiston izolyatsiyadan mintaqaviy yetakchilik sari” maqolada ushbu mavzu keng yoritilgan.

Maqola muallifi, Rossiya Fanlar ­akademiyasi ­Sharqshunoslik instituti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkazni oʻrganish markazi tahliliy guruhi rahbari ­Stanislav Pritchinning yozishicha, Yevro­osiyo markazida ­asosiy geostrategik mavqega ega Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatni belgilab beruvchi davlatdir. 2016-yili ­Shavkat Mirziyoyev mamlakat Prezidenti lavozimiga ­saylanganidan soʻng, respublika yopiq va hatto yakkalangan tashqi siyosat modelidan proaktiv diplomatiyaga oʻtdi hamda bu qisqa muddatda oʻzining ijobiy natijalarini berdi. Bir tomondan, mintaqadagi oʻzaro muloqot va hamkorlik muhiti keskin oʻzgargan boʻlsa, boshqa jihatdan Oʻzbekiston xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish ­hisobiga investitsiyalar oqimini sezilarli darajada ­oshirdi va ­tashqi savdoni jadallashtirdi.

Mamlakatda olib borilayotgan tizimli islohotlarning das­turiy asosi va “Yoʻl xaritasi” sifatida 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi koʻrsatib oʻtiladi. Strate­giyada iqtisodiy islohotlar aniq belgilangan boʻlib, xususiy mulk himoyasini va iqtisodiy faoliyat erkinligini mustahkamlash, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishni kamaytirish, moliya-bank tizimini modernizatsiya qilish va ­tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar majmuiga yuqori baho beriladi.

Strategiyaning tashqi ­siyosiy jihatlari haqida fikr yuritar ekan, S. Pritchin:

— Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazish;

— respublika tashqi ­siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining normativ-huquqiy bazasini hamda ­xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish;

— davlat chegarasining delimitatsiya va demarkatsiya masalalarini hal qilish singari yoʻnalishlarda muhim yutuqlarga ­erishilganini eʼtirof etadi.

Ayniqsa, xorijdagi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, ­vatandoshlarga nisbatan yangicha siyosatni shakllantirish borasidagi chora-tadbirlar alohida eʼtiborga molik, deya taʼkidlanadi.

Mutaxassisning fikricha, respublika tashqi siyosatidagi islohotlarning ichki va tashqi drayveri mavjuddir. Hokimiyat almashinuvi va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining yangi strategiyasi ishlab chiqilishi ichki drayver sifatida ­xizmat qildi. Tashqi global drayver esa xalqaro iqtiso­diyotga integratsiyalashuv va xorijiy sarmoyalar oqimini orttirish orqali iqtisodiy foyda koʻrishdir. Boshlangan islohotlar natijasi oʻlaroq, 2019-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston ­nufuzli “Economist” jurnali ­tomonidan “Yil mamlakati” ­sifatida eʼtirof etildi.

“Shavkat Mirziyoyev ­Prezident lavozimiga saylanganidan soʻng qoʻshni davlatlarga bir necha muhim tashriflarni amalga oshirdiki, ular orqali mintaqa davlatlari bilan aloqalar yangitdan yoʻlga qoʻyildi. Soʻngra esa mintaqadan ­tashqaridagi davlatlar — Rossiya, Xitoy, AQSH va ­boshqalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga kirishildi... Natijada Oʻzbekistonning tashqi savdosi keskin oʻsib, 2019-yil yakunlari boʻyicha 42 milliard dollardan oshdi. Tashqi savdo sheriklari soni 178 taga yetdi”, deb yozadi tahlilchi.

S. Pritchin Markaziy Osiyodagi davlatlararo muloqotning tiklanishi rasmiy Toshkent yangi siyosatining muhim amaliy mahsuli sifatida qayd etadi. Aynan oʻzbek diplomatiyasining faol saʼy-harakatlari orqali mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati yoʻlga qoʻyildi.

Afgʻoniston yoʻnalishida esa, ekspertning fikricha, haqiqiy burilish yuz berib, ushbu davlat bilan iqtisodiy aloqalar va savdo-sotiq hajmi ortgani ­barobarida, Oʻzbekistonning afgʻon zaminini barqarorlashtirish jarayonidagi oʻrni keskin oshdi. Toshkentda 2018-yili boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya bu boradagi xalqaro chora-tadbirlarni muvofiq­lashtirishda muhim oʻrin tutdi.

Xulosa oʻrnida, Stanislav Pritchin zamonaviy Oʻzbekis­ton tashqi siyosatining ­asosiy xususiyatlari sifatida koʻp vektorlilik, ­proaktivlik, pragmatizm, ixtilofsizlikni koʻrsatib oʻtadi.

Anvar MIRZAYEV,
(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?