Rossiyada portlash yuz berdi. Qurbonlar va jarohatlanganlar bor

17:07 23 Dekabr 2024 Dunyo
466 0

Foto: Rossiya Tergov qo'mitasi

Rossiyaning Xakasiya Respublikasida joylashgan sobiq Abakan tajriba-mexanika zavodi hududida portlash yuz berdi. Bu maʼlumotni respublika rahbari Valentin Konovalov ham tasdiqladi.

“Bugun sobiq Abakan tajriba-mexanika zavodi hududida fojia yuz berdi. Xavfsizlik qoidalarini buzish oqibatida sodir boʻlgan portlash oqibatida odamlar jarohatlandi va halok boʻldi”, — dedi Konovalov.

Uning soʻzlariga koʻra, qutqaruvchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari hodisa sabablarini aniqlamoqda. Bundan tashqari, favqulodda hodisa joyida Xakasiya rahbari oʻrinbosari Yuriy Kurlayev ishlamoqda.

Konovalov jabrlanganlarning tez orada sogʻayib ketishini tiladi, qurbonlarning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Shuningdek, u Xakasiya maʼmuriyati halok boʻlganlar va jarohatlanganlarning qarindoshlari va yaqinlariga barcha zarur yordamni koʻrsatishiga ishontirdi.

Portlash oqibatida ikki kishi halok boʻlgan, toʻrt kishi tan jarohati olgan

Hodisa oqibatida olti kishi jabrlangan, ulardan ikki nafari hayot uchun xavfli boʻlmagan tan jarohatlari olgan. Toʻrt nafar jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, portlash payvandlash ishlari paytida yuz bergan boʻlishi mumkin. Hududda bir qancha korxonalar joylashgan.

Xakasiya rahbari oʻrinbosari Yuriy Kurlayev favqulodda hodisa joyidan videomurojaat qilib, tajriba-mexanik zavodining sobiq sexlarida sodir boʻlgan hodisaning sababi, dastlabki taxminlarga koʻra, konteyner portlashi boʻlishi mumkinligini aytdi. U voqea joyiga respublika rahbari topshirigʻi bilan borganini aytdi.

“Bosim sinovi paytida konteyner portladi. Ikki kishi halok boʻldi. Toʻrt kishi jarohat olgan va ular kasalxonada ogʻir ahvolda. Hozirda bu kimning ustaxonasi va kimga tegishli ekanligini aniqlash uchun tergov harakatlari olib borilmoqda. Umuman olganda, vaziyat nazorat ostida”, — dedi Kurlayev favqulodda vaziyat joyidan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?