Rossiyada Alisher Navoiy asarlarining noyob qoʻlyozmalari jamlangan katalog chop etildi

20:07 27 Dekabr 2021 Madaniyat
1258 0

Bugun Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bagʻishlab, “Alisher Navoiyning barhayot merosi” mavzusida adabiy kecha oʻtkazildi.

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Tatariston Respublikasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aydar Axtareyev, Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi Aziz Said, shuningdek, taniqli adabiyotshunoslar, kitobxonlar va boshqalar soʻzga chiqib, ulugʻ alloma ijodi haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.

Shuningdek, tarix fanlari doktori, Sharq Davlat muzeyi Bosh direktorining oʻrinbosari, “Qozon shahridagi Alisher Navoiy qoʻlyozmalari toʻplami” nomli qoʻlyozmalar albom — katalogi tuzuvchisi va soʻzboshi muallifi Ilya Zaysev hamda M.I.Rudomino nomidagi Butunrossiya chet el adabiyoti kutubxonasi direktori Pavel Kuzmin (Moskva) videomurojaat yoʻlladi.

Tadbir doirasida “Qozon shahridagi Alisher Navoiy qoʻlyozmalari” katalogining taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur katalogda shoirning Tatariston milliy arxivi hamda kutubxonasida saqlanayotgan 10dan ortiq noyob qoʻlyozmalari jamlangan. Katalog Tatariston Respublikasi Milliy kutubxonasi, Tatariston Respublikasi Federal universitetining N.I. Lobachevskiy nomidagi Qozon (Volga boʻyi) ilmiy kutubxonasi, Tatariston Respublikasi Davlat arxivi mutaxassislari tomonidan tuzilgan. Tadbirda mazkur toʻplam Alisher Navoiy ijodini Rossiyada keng targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

«Butun umri davomida xalqqa xizmat qilgan va boqiy asarlar yaratgan buyuk mutafakkir izdoshi ekanimizdan juda faxrlanamiz. Uning bebaho ijodi nafaqat oʻzbek, balki butun dunyo adabiyoti rivojiga muhim hissa qoʻshgan. Uning asarlari Gʻarbda XVI asarlardayoq munosib qadrlangan va koʻplab tillarga tarjima qilingan.

Bugun taqdimoti oʻtkazilayotgan “Qozon shahridagi Alisher Navoiy qoʻlyozmalari” katalogi ham rus tilida soʻzlashuvchi xalqlar uchun muhim manba boʻladi, deb ishonaman», — deya taʼkidladi Asadjon Xodjayev. 

Tadbirda Alisher Navoiy asarlarini chuqur oʻrganish, yoshlar orasida kengroq targʻib etish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, buyuk mutafakkirning oʻlmas ijodini kelajak avlodga toʻla-toʻkis yetkazish bugunning eng muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?