Rishtonda 157 gektarlik pista plantatsiyasi tashkil etilmoqda

15:24 01 May 2024 Iqtisodiyot
306 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Botir MADIYOROV/ «Xalq soʻzi». Rishton tumanining «Navbahor» MFY hududidagi yillar davomida qarovsiz boʻlib yotgan yerda tadbirkor Qodirjon Qosimov tashabbusi bilan pista plantatsiyasi tashkil etildi.

Shu tariqa suvsiz, toshloq hududdagi 157 gektar yer oʻzlashtirilib, 141 ming tupdan ortiq pista koʻchatlari hamda 54 mingga yaqin oʻrik, gilos, shaftoli va nok koʻchatlari parvarishlanmoqda.

— Ayni paytda pista va boshqa turdagi koʻchatlarni In vitro usulida yetishtirish maqsadida maxsus ilmiy-tajriba markazi binosi qurilishi ishlari olib borilmoqda, — deydi tadbirkor. — Shuningdek, bu yerda ilmiy markaz, zamonaviy laboratoriya, issiqxonalar majmuasini oʻzida jamlagan «Agromaktab» ham bunyod etilyapti.

Maʼlumki, anʼanaviy usulda parvarishlangan pista koʻchati oʻrtacha 10-12-yilda hosilga kirib, bir tup daraxtdan 200-300 gramm hosil olish mumkin.

Ilm-fan yutuqlari asosida faoliyat koʻrsatadigan yangi plantatsiyada takomillashgan texnologiyalar yordamida koʻchatxonada oʻstirilgan niholga ikkinchi yili serhosil va sifatli pista navlaridan olingan kurtak payvand qilinadi. Uchinchi yili ushbu koʻchatlar ochiq maydonga ekilib, undan 7-8-yilda hosil olinadi. Hosildorlik salmogʻi bir tupda 40-50 kilogrammgacha yetadi.

Hozirgi kunda tumanning kam hosilli, unumsiz bogʻlari oʻrnida shu kabi pista plantatsiyalarini barpo etish maqsadida rishtonlik tadbirkorlar tomonidan oʻnlab istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga kirishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер