Rishton turizmi: tuman iqtisodiyoti drayveri

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda turizm mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylandi. Boisi yangi ish oʻrinlari yaratish, xizmatlar sohasini rivojlantirish hamda ichki va tashqi sayyohlikni ragʻbatlantirishda ushbu tarmoqning alohida oʻrni bor.
Birgina oʻtgan yilning oʻzida yurtimizga 9 millionga yaqin xorijiy sayyoh kelgani, ularga 2,7 milliard dollarlik xizmat koʻrsatilgani va bu borada minglab yangi ish oʻrinlari yaratilgani fikrimizning yaqqol tasdigʻidir.
Fargʻona viloyatida ham bu sohani jadal rivojlantirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu xususda gap ketganda, Beshariq tumanida tibbiyot turizmi, Qoʻqon va Margʻilon shaharida sayohat turizmi, viloyatning boshqa hududlarida agroturizm, gastronomik va ziyorat turizmi xorijiy sayyohlarni keng jalb etayotganini aytib oʻtish mumkin.
Kulolchilik va hunarmandchilik bilan dovruq qozongan Rishton tumani qulay geografik joylashuvi, madaniy meros obyektlari va muzeylari bilan oʻziga xos xususiyatga ega boʻlgan hudud hisoblanadi. Xususan, soʻnggi besh yilda tumanni boshqa hududlar bilan bogʻlovchi serqatnov avtomobil yoʻli infratuzilmasi zamonaviy shaharsozlik talablariga asosan qayta qurildi. Natijada mazkur yoʻl boʻyida 1000 dan ortiq xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etildi. Shuningdek, 1 ta “Xalqaro kulolchilik markazi” va 2 ta “Hunarmandchilik markazi” bunyod etildi. Shu bilan birga, 50 dan ziyod kulolchilik uy muzeylari va uy mehmonxonalari foydalanishga topshirildi. Bu yil “Toʻraobod” MFYda tumandagi uchinchi “Hunarmandchilik markazi” qurilishini yakuniga yetkazish va foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
Aytgancha, yaqinda tumandagi “M.Topvoldiyev” MFYga rasman “Turizm mahallasi” maqomi berilgani ham bejiz emas. 2,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududda “Xalqaro kulolchilik markazi”, “Xoʻja Rushnoiy”, “Sohibi Hidoya” ziyoratgohlari, Mamadali Topvoldiyev nomidagi tarixiy muzey, “Koron plyus” hunarmandchilik muzeyi kabi diqqatga sazovor maskanlar joylashgan.
— Har yili Rishtonga oʻrtacha 300 ming nafar mahalliy va xorijlik sayyohlar jalb etilayotgan boʻlsada, bu hali quvonarli natija emas, — deydi Fargʻona viloyati turizm boshqarmasi mutaxassisi Bahodir Ermatov. — Bu yerga kelgan sayyohlar uchun xavfsizlik, kommunal va bank xizmatlari, qulay mehmonxona va ovqatlanish obyektlari faoliyatini jahon andozalari darajasida tashkil etish uchun hali bajariladigan ishlar bor.
Turizm mahallasi maqomi berilgach, “M.Topvoldiyev” MFY 24/7 tartibida ishlovchi hududga aylantirildi. Jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida zamonaviy talablarga javob beradigan yangi huquq-tartibot maskani binosi qurib bitkazildi. Turistik firmalar vakillari, turagentlar uchun qulay shart-sharoit yaratilib, savdo, ovqatlanish, servis xizmatlari tarmogʻi yanada kengaytirildi.
Mahallada bitta xostel, 13 ta oilaviy mehmon uylari, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun klinika, savdo doʻkonlari, milliy taomlar oshxonalari, madaniy va tarixiy ziyoratgohlar, internet tarmogʻi, issiq va sovuq suv taʼminoti, gid xizmati kabi infratuzilma mavjud. Eng asosiysi, kulolchilik va hunarmandchilik ustaxonalari tunu kun faoliyat koʻrsatadi.
— Xonadonimizda kulolchilik sexi tashkil etilgan, — deydi tajribali kulol Ahmadjon Qurbonov. — Sayyohlarga mahsulot tayyorlash bilan bogʻliq barcha jarayonlar, xususan, loyni qoliplarga solish, ishlov berish, pishirish, gul solish kabi ishlar mahorat saboqlari oʻtkazib beramiz. Ayniqsa, xorijlik mehmonlarga bu jarayon juda qiziq. Soatlab tomosha qilishadi, baʼzilari ish kiyimini egniga ilib, dastgohga oʻtirib oladi.
Shu maʼnoda, mahallamizga turizm maqomi berilganidan mamnunmiz. Bugun mahalladoshlarimizda sayyohlarga hurmat, yangi avlod vakillarida esa xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan intilish kuchaydi.
Ayni jarayonda mahalla ahlining tashabbuslari ham eʼtiborga molik. Endilikda tomorqa xoʻjaligini agroturizmga moslashtirishga kirishilib, bu borada xonadon sohiblarining oʻzi ibrat koʻrsatyapti. Shu orqali tomorqalarda turli ekinlarni parvarishlash namoyish qilinadi, qiziquvchi mehmonlar qoʻllariga ketmon yoki belkurak olib, maʼlum muddat yer chopishi yoki ekinlar parvarishiga koʻmaklashishi mumkin.
— Bu soha rivojiga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat tufayli keyingi toʻrt yilda tumanda yillik xizmat koʻrsatish hajmi qariyb 500 mlrd soʻmga, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari soni 400 taga koʻpaydi, — deydi Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqov. — Yaqin istiqbolda tumanda ziyorat turizmini yanada rivojlantirish maqsadida Burhoniddin Ar-Roshidoniy nomidagi “Sohibi Hidoya” ziyoratgohini rekonstruksiya va restavratsiya qilish, unga tutash hududlarda savdo va servis koʻrsatish shoxobchalarini barpo etish hamda hududni turizm markaziga aylantirish koʻzda tutilgan.
Oʻz navbatida, Rishtonga xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrifini koʻpaytirish maqsadida qiymati 94,9 mlrd soʻmlik (shundan 1,2 mlrd soʻm bank krediti) 11 ta yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hozirda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28-yanvardagi qarori asosida Rishton anʼanaviy kulolchiligi tarixi muzeyi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Toʻraobod mahallasida hunarmandlar markazini tashkil etish boʻyicha qurilish ishlari davom etyapti. Majmuada loyiha qiymati 25 mlrd soʻmlik (shundan 5 mlrd soʻm bank krediti) 10 ta kulolchilik ustaxonalari va mehmon uylari, milliy choyxona, qishki va yozgi choʻmilish havzalari, avtoturargoh hamda kulolchilik muzeyi barpo qilinadi.
Tumanda tematik mahalla tashkil etish maqsadida Chinigaron mahallasi tanlab olindi. Rejaga koʻra, koʻchaning asosiy yoʻlagidan boshlab “Sohibi Hidoya” ziyoratgohigacha boʻlgan masofada 1.5 km toshli yoʻl qilinib, yoʻlning ikki yoni travertin somon shuvoq qilinadi. Mahallada 9-11-avlod usta kulollar yashaydi. Usta kulollarning uyida ustaxonalari ham bor. Shu tariqa sayyohlarni mahallaga olib kirib, Rishton tarixi va kulolchiligi bilan tanishtiriladi. Natijada sayyohlarni tumanda 3 kun olib qolish imkoni boʻladi.
Oʻz navbatida, taʼlim turizmini rivojlantirish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun 5 gektar yerda “Taʼlim shaharchasi” barpo etish maqsad qilinmoqda. Ziyorat turizmini yanada rivojlantirish borasida Madaniy meros obyektlarini asrash va turizm hududlarini master rejalari boʻyicha loyihalashtirish instituti davlat muassasasi tomonidan “Sohibi Hidoya” majmuasini taʼmirlash-tiklash ishlari uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha Rishton tuman hokimligi hamda institut oʻrtasida shartnoma tuzildi. Ezgu maqsad ijobati uchun viloyat mahalliy byudjetining qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan 606,2 mln soʻm mablagʻ ajratilib, shartnomaga asosan moliyalashtirilib berildi.
Muxtasar aytganda, Rishton tumanida kulolchilik, taʼlim va ziyorat turizmi boʻyicha bu kabi istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishi natijasida xorijiy va mahalliy sayyohlar soni yiliga 400 mingtaga yetkaziladi. Yillik xizmatlar hajmi 1 trln 200 mlrd soʻmga oʻsishiga erishiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring