Quyosh panellari korxona “choʻntagi”ga foyda keltirmoqda

14:58 14 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
289 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyati hududidagi uch gektar maydonda quyosh elektr stansiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. “OGMA PROJECTS” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchiligida qurilgan bu oʻziga xos inshoot qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyati cheksizligiga yaqqol misoldir.

– Mazkur stansiya 3,5 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi korxona texnik boʻlimi boshligʻi Behzod Haydarov. – U kabi bir qator binolar tom qismiga oʻrnatilgan quyosh panellari gigant korxonamizda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojning 12 foizini qondirmoqda.

Boʻlim boshligʻi tomonidan zavodga “gigant korxona” iborasining ishlatilishi bejiz emas. 1997-yilda ishga tushirilgan ushbu korxona chindan ham nafaqat Buxoro viloyati, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida ham alohida oʻrin tutadi. Chunonchi keyingi yillarda bu yerda yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan dastur doirasida tarkibida juda kam miqdorda oltingugurt saqlovchi Yevro 4 -5 dizel yoqilgʻisi, foydali xususiyatlari yaxshilangan “QuWatt” AI-95 avtomobil benzini, texnik suyuq kislorod, shuningdek, yurtimiz tarixida birinchi marta AI-98 yuqori oktanli avtomobil benzini tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Bu kabi yirik loyihalar roʻyobida endilikda korxona quyosh stansiyasi ham oʻz hissasini qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?