Quyosh paneli xonadonga daromad keltirmoqda

12:13 17 Fevral 2025 Jamiyat
157 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkent tumanidagi “Shirin” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Zulayho Hamroyeva oilasi hisob raqamiga har oyda ikki million soʻm atrofida mablagʻ kelib tushmoqda. Xonadon uy tomiga quyosh paneli oʻrnatish evaziga daromad koʻra boshladi.

Bu yerda quvvati 10 kVt soatni tashkil etuvchi oʻnta quyosh panelini koʻrish mumkin. Ular quyosh nuri toʻgʻridan-toʻgʻri tushmagan va hatto bulutli kunda ham yorugʻlikni qayta ishlay oladi. Chunki panellar ikki tomonlama quvvatlanuvchi monokristall ashyolardan iborat. Bu oilaga oʻz ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini sotish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 9-sentyabrida qabul qilingan energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga oid farmoni tumanda bu yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirishda dasturilamal vazifasini oʻtayapti. Birgina oʻtgan yilda aholi xonadonlaridan tashqari yuzdan ziyod inshoot — ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida quvvati 0,8 MVt quvvatga teng kichik quvvatli quyosh panellari hamda 3,8 ming litr hajmli geliokollektorni oʻrnatish ishlari bajarildi.

Z. Hamroyeva xonadoniga kelsak, bu yerda toʻplangan tajriba ommalashtirilsa, eng chekka qishloqlarda yashovchi oilalarda ham qoʻshimcha daromad manbai yaratilgan boʻlur edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?