Quyosh energiyasi yordamida sizot suvlar toza ichimlik suviga aylantirilmoqda

15:42 31 Oktyabr 2023 Jamiyat
105 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining “Suv muammolari tadqiqoti” laboratoriyasi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning muhandis va malakali ilmiy-texnik mutaxassislari hamkorligida 2021-yilda tashkil etilib, kimyoviy, spektral va radiologik tahlil hamda texnologik tadqiqotlar guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Kombinat mutaxassislari va universitet olimlari tomonidan oʻtgan davrda quyosh energiyasidan foydalanib, yerosti sizot suvlarini toza ichimlik suviga aylantirish innovatsion qurilmasi ustida ish olib borildi. Natijada bugungi kunda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hududida toʻliq quyosh energiyasidan foydalanib, yer osti suvlarini toza ichimlik suviga aylantirib beruvchi yangi namunadagi suv tozalash qurilmasi yaratilib, sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi.

— Yangi texnologiyaning texnik-ishlab chiqarish jarayonlariga batafsil toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, suv 60 metrlik yer osti qudugʻidan nasos yordamida chiqarib beriladi, — deydi Navoiy DKTUning “Suv muammolari tadqiqoti” laboratoriyasi boshligʻi, texnika fanlari doktori Husniddin Vafoyev. — Suv birinchi bosqichda kationli filtrga keladi. Dastlab loyqa va muallaq qum zarralaridan tozalangach suv kationlardan tozalanadi, yaʼni asosan kalsiy va magniy ionlari ushlab qolinadi. Filtrning yana bir afzalligi shundaki, maʼlum vaqt oʻtib kationlar kalsiy va magniy ionlariga toʻlgach, qayta regeneratsiya qilish (filtrni qayta faol holatga keltirish) uchun arzon mahsulot, yaʼni osh tuzidan foydalaniladi. Bundan tashqari, filtr ichiga yuklangan kationitli smoladan besh yil muddatgacha almashtirmasdan foydalanish mumkin. Ushbu filtr suv tozalash qurilmasining uzoq va ishonchli ishlashini taʼminlab berishda muhim qism sanaladi.

Keyingi bosqichlarda tozalanayotgan suv yuqori bosim ostida teskari osmos qurilmasiga kelib tushadi. Ushbu jarayonda suvni yot moddalardan ajratish uchun membranadan foydalaniladi. Membrana besh bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda 5 mikronli polipropilen filtrdan oʻtkazilib, ikkinchi bosqichda koʻmir adsorbentga singdiriladi. Uchinchi bosqichda esa 1 mikronli filtrdan oʻtkazilib, membranaga beriladi. Ushbu membranadagi mayda teshikchalardan faqatgina suv molekulalari oʻta oladi, xolos. Hajmi nisbatan yirik ionlar, kalsiy, magniy, xlor, sulfatning asosiy qismi esa oʻta olmaydi. Shundan soʻng suv mineralizatorga yuboriladi. Mineralizatorda minerallashgan suv ultrabinafsha nurlar yordamida turli bakteriyalardan tozalanadi.Ichishga yaroqli holatga keltirilgan suv 1000 dm. kub. sigʻimga ega ikkinchi — toza ichimlik suvi idishiga kelib tushadi.

Suv tozalash innovatsion texnologiyasining yana bir muhim konstruksiyasi suv tarqatish qurilmasidir. Bu qurilma orqali isteʼmolchilar 5 litr va 10 litr hajmdagi suv idishlarini kerakli kameraga joylashtirish orqali osongina suv olishlari mumkin.

Yaqinda mazkur texnologiya universitet hududida oʻrnatilib, shahar aholisiga xizmat koʻrsatishni boshladi. Ushbu qurilma tuni-kun ishlab, undan 1 litr suvni 200 soʻmga xarid qilish mumkin.    

Yangi texnologiyani toza ichimlik suvi yetib bormagan olis qishloqlarda oʻrnatish, uni yanada takomillashtirish orqali mahsulot tannarxini bundanda arzonlashtirish va hajmini ishlab chiqarish quvvatini oshirish borasida izlanishlar davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV,“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?