Quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin GESlar kaskadi loyihasi doirasidagi GES-2 qurilishiga start berildi

19:12 04 Aprel 2025 Iqtisodiyot
364 0

Prezidentimizning 2023-yil 30-martdagi “Gidroenergetika sohasini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2024 — 2030-yillarda mamlakatimizdagi mavjud gidrosalohiyatdan foydalanish darajasini oshirish, yangi gidroenergetik quvvatlarni yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan investitsiya loyihalari doirasida Namangan viloyati Norin daryosida umumiy quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin gidroelektrstansiyasi (GES)lar kaskadi qurilishi loyihasini amalga oshirish belgilangan.

“O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan ushbu loyiha boshlang‘ich nuqtasidan tortib to yakuniga qadar o‘z kuchiga tayangan holda, mahalliylashtirish doirasida ishlab chiqariladigan asosiy texnologik qurilmalar (gidroagregatlar) orqali amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, mazkur GESlar kaskadi respublikada birinchi bor to‘lig‘icha “Milliy GES”ga aylanadi. Loyiha to‘liq “O‘zbekgidroenergo” AJ mablag‘laridan moliyalashtiriladi.

Bugun, 4-aprel kuni AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyati Norin daryosida qurilishi amalga oshirilayotgan loyiha obyektiga tashrif buyurdi.

Hozirgi kunda kaskad tarkibidagi GES-1 qurilishi jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, Norin GESlar kaskadi 6 ta GESdan iborat bo‘lib, har birining quvvati 38 MVt.ni tashkil qiladi. Loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga o‘rtacha 1 025 mln. kVt.soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yiliga o‘rtacha 430 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga o‘rtacha 277 mln. m3 gaz iqtisod qilinadi. Shu bilan birga, 130 dan ortiq doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Qurilish obyektiga tashrif doirasida Boshqaruv raisi mas’ullar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida loyiha doirasidagi GES-2 qurilishiga start berildi.

Endilikda GES-2 obyektida quruvchilar tomonidan tasdiqlangan rejaga binoan, bosqichma-bosqich yer tayyorlash, qurilish-betonlashtirish hamda qurilish-montaj ishlari boshlanadi.

Shu bilan birga, Boshqaruv raisi tomonidan loyihaga mas’ul mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, qurilish-montaj ishlari doirasida zaruriy topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?