Quvasoydagi Hamid Olimjon xiyobonini obodonlashtirish uchun 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi

23:06 04 Mart 2024 Jamiyat
191 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Botir Madiyorov/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyat hokimligi tashabbusi bilan Quvasoy shahrining “Qoʻchqorchi” MFY hududida Hamid Olimjon haykali hamda shu hududda joylashgan xiyobonni rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish ishlariga kirishildi.

Ushbu ezgu maqsadni amalga oshirish uchun mahalliy byudjetdan qariyb 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Loyiha doirasida yoʻllar va yoʻlaklarni obodonlashtirish, hududga manzarali va mevali daraxtlar ekish, sugʻorish tizimini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilma xizmatlarini yoʻlga qoʻyish kabi ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu xiyobonda joylashgan mahalla fuqarolar yigʻini binosi ham mukammal taʼmirlanadi.

— Bu yumushlar quvasoylik nuroniylarning maslahati va takliflari asosida olib borilayotir, — deydi “Qoʻchqorchi” MFY raisi Iqbol Tursunov. — Ayni jarayonda landshaft arxitekturasi asosida hududda yashil xiyobon, moʻjaz kutubxona va muzey ham bunyod etiladi.

Mahalla nuroniylarining qayd etishicha, mazkur haykal 1982-yili davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov tashabbusi bilan barpo qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?