Quvada yetishtirilayotgan golland atirgullari

14:40 25 Fevral 2025 Jamiyat
132 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Koʻklamning ilk nishonalari Quvada boʻy koʻrsatdi. Tuman hududida joylashgan “Karkidon” suv ombori hududidagi 270 gektar yerda “Yashil belbogʻ” tashkil etilmoqda. Mazkur hududda 300 ming tupdan ortiq manzarali daraxtlar ekilib, eskirgan suv inshootlari taʼmirdan chiqariladi.

Ayni paytda tumanda atirgulchilikka ixtisoslashgan mahallalar 18 ta, mevali va manzarali koʻchatlar yetishtiruvchi mahallalar 26 ta, sitrus mevalar, qulupnay parvarishlayotgan mahallalar 10 tani tashkil etadi. “Qoraqum” MFY aholisi koʻchatchilik va gulchilik sohasida eng mirishkorlar safida boʻlib, mazkur yoʻnalishda ilm-fan yutuqlari va hayotiy tajribalarni oʻzaro uygʻunlashtirish orqali katta yutuqlarga erishmoqda. Shu kunlarda mahalla koʻchalari yuk mashinalari bilan gavjum. Fargʻona vodiysidan tortib, qoʻshni respublikalardan kelgan xaridorlar yuzlab turdagi atirgullar, mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlarini olib ketish uchun navbatda turibdi. Qoraqumliklar endilikda shunchaki bogʻbon emas, tadbirkor, oʻziga toʻq oilalar sohibi.

— Mahallamizda 1135 ta xonadonda 5871 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi “Qoraqum” MFY raisi Mirzaakbar Ismoilov. — Bugun har bir qoraqumlikning bogʻbonchilik sohasida oʻziga xos tadbirkorligi bor. Halol raqobat muhiti tufayli har bir oila tinimsiz izlanishda.

Birgina “Asad vodiy gullari” gulchilik kooperatsiyasi rahbari Alisher Tojiboyev mahalladoshlariga koʻchatchilik bilan birga, mavsumiy atirgullar qalamchalarini yetishtirish gʻoyatda foydali, daromadli, eng muhimi, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishni oʻrgatdi. Hozirda mahalladagi yuzlab oilalar gulchilik bilan shugʻullanadi. Kooperatsiya koʻmagida 400 turdan ziyod gul qalamchalarini MDH, Yevropa davlatlariga eksport qilmoqda.

Keyingi yillarda mahallada Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlaridan jahon bozorida eng xaridorgir gul urugʻi, koʻchatlari olib kelinib, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirildi. Bunday noyob atirgullar, lolalar, mavsumiy va koʻp yillik manzarali gullar yetishtirayotgan qoraqumliklarning yillik daromadi yuz million atrofida.

Mahalla hududi boʻylab oʻtadigan katta yoʻl yoqasida joylashgan hovlilar tabiatning betakror jonli muzeyiga oʻxshaydi. Manzarali daraxt va butalar, archalar, anvoyi gullarga turli shakllar berilib, ajoyib bezaklar chiqarilgan. Mahalla tadbirkorlari buyurtma asosida aholi xonadonlari, korxona-tashkilotlar hududida ana shunday oʻziga xos bezakli yashil majmualarni tashkil qilib, parvarishlash jarayonida koʻmaklashmoqda. Landshaft arxitekturasi namunalarini yaratishda qoraqumliklarga yetadigani yoʻq.

Bahodir Shermatov va Ahror Eminov ana shunday yangi gʻoyalar, innovatsiyalar tashabbuskori. Bu ikki qoʻshni daraxtlar, gullarga turli shakllar yordamida bezak berib, noyob dizaynli yashil yoʻlak va xiyobonlar yaratib berishdagi mahorati orqali tilga tushgan. Bu omilkorlar koʻp yillik daraxtlar koʻchatlarini olib borib, tomorqangizda bir-ikki yilda mevaga kiruvchi intensiv bogʻlar tashkil qilib beradi.

— Koʻchatchilik, gulchilik shunchaki dehqonchilik yumushi boʻlmay qoldi, — deydi Bahodir Shermatov. — Har bir ishga yangicha mezonlar asosida ilm bilan yondashgan tadbirkor yutadi. Shundan muntazam xorij tajribasini oʻrganamiz. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, yangilik va oʻzgarishlarni oʻz faoliyatimizga tatbiq etishga harakat qilamiz.

Bugun kattayu kichik quvaliklarning maqsadi vodiyni bogʻ-u boʻstonga aylantirishga qaratilgan. Ishonamizki, bunday ezgu niyatlar yaqin yillarda mamlakatimizning har bir hududi yashil chamanzor boʻlib, yurtimizning dilbar va malohatli tabiati tobora goʻzal boʻlib borishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?