Qurʼon kitobini yoqib eʼtirozlarga sabab boʻlgan shaxs ijtimoiy tarmoqdagi jonli efiri vaqtida otib ketildi

15:23 30 Yanvar 2025 Dunyo
370 0

29-yanvar kuni tunda Shvetsiyaning Syodertelye shahri politsiyasiga hududdagi xonadonlardan birida oʻq uzilganligi yuzasidan favqulodda qoʻngʻiroq kelib tushgan. Bu haqida “Blue News” nashri xabar berdi.

Unga koʻra, politsiya xodimlari zudlik bilan voqea joyiga etib borishgan hamda koʻp qavatli bino xonadonlarining biridan 38 yoshli erkakning jasadini topishgan.

Dastlabki tergov maʼlumotlariga koʻra, oʻldirilgan shaxs muntazam Qurʼon kitobini yoqish bilan shugʻullangan Salvan Momika ekanligi oydinlashdi. Qotillik Momikaning ijtimoiy tarmoqda jonli efir qilayotgan vaqtida sodir etilganligi taʼkidlanmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, Salvan Momika Iroqda tugʻilgan boʻlib, 2017-yilda vatanidan Germaniyaga qochib keladi. U 2018-yilda Shvetsiyaga koʻchib kelib, oʻzini ateist deb eʼlon qilgan. Shundan soʻng, Momika politsiya himoyasida islomga qarshi muntazam namoyishlar uyushtirib, keng jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan edi.

Salvan Momikani mamlakatdan deportatsiya qilish iroqliklarning unga nisbatan nafrati hamda oʻlim tahdidlari tufayli bir necha bor bekor qilingandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?