Qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ishlar tahlil qilinib, muhim vazifalar belgilandi

19:48 29 Yanvar 2024 Siyosat
287 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-yanvar kuni uy-joy va kommunal xoʻjaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Aholiga munosib sharoitlar yaratish, hayot sifatini taminlash maqsadida bu sohalarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yili hududlarda mingdan ortiq infratuzilma inshooti, 2 mingga yaqin koʻp qavatli uy-joy barpo etildi. Avtomobil yoʻllari, suv va issiqlik tarmoqlari qurildi. Transport xizmati uchun yangi avtobus va samolyotlar olib kelindi.

Shu bilan birga, qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilish va sifatini taʼminlash borasida kamchiliklar koʻp. Ichimlik suvi tannarxi va tarmoqlardagi yoʻqotishlar kamaymagan. Fuqaro aviatsiyasida mahalliy reyslar talabga nisbatan 2-3 barobar kam. Temir yoʻlda yuk tashishga koʻp vaqt ketmoqda. Toshkent shahrida tirbandlik muammosi haligacha hal boʻlgani yoʻq. Havo ifloslanishining oldini olish boʻyicha choralar yetarli emas.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilish avvalida shu kabi kamchiliklarning sabablari koʻrib chiqildi. Faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygan bir qator rahbarlarga intizomiy choralar qoʻllandi.

Transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi tizimiga kiruvchi barcha vazir va hokim oʻrinbosarlari faoliyatiga samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) joriy etilishi belgilandi.

Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma inshooti qurilishi rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari bunda byudjet mablagʻlarini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini taʼminlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Amaldagi loyihalash va qurilish jarayonlari resurs usuliga asoslangan. Loyiha tashkilotlari obyekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilmoqda. Qurilishlarda talon-torojlik va oʻgʻrilik holatlari uchrayapti.

Shu bois endi loyihadan boshlab, obyektni foydalanishga topshirguncha boʻlgan barcha jarayonlar yangicha tashkil etiladi. Unga koʻra, kelgusi yil 1-yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, qurilish va ularni qabul qilishda resurs usulidan voz kechilib, hajm usuliga oʻtiladi.

Bu tartib shu yil 1-iyuldan yoʻl, ichimlik suvi va koʻprik qurilishi loyihalarida joriy qilinadi. Ushbu sohalarni korrupsiyadan xoli qilish maqsadida qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi, pudratchi tashkilot bajargan ishlar faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi, obyektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida tasdiqlanadi. 10 milliard soʻmdan ortiq loyihalar boʻyicha subpudratchilarni tanlash ham mazkur tizim orqali yoʻlga qoʻyiladi.

Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarga ham tatbiq etilib, qurilish materiali qayerda qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim boʻladi.

Hamma hisob-kitob, mablagʻni iqtisod qilish loyiha ishlab chiqish jarayonida boʻlishi kerakligi qayd etildi. Buning uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida Loyiha ofisi tuziladi. U qiymati 10 milliard soʻmdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning asosliligini, xavfsizlik va energiya tejamkorligini baholab boradi. Ijtimoiy muassasalar va kommunal obyektlar boʻyicha namunaviy loyihalar ishlab chiqadi. Bundan buyon, Loyiha ofisining tavsiyasi boʻlmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi.

Mutasaddilarga qurilish meʼyorlarini xorijiy tajriba asosida yangilash, qurilish materiallari sohasida “yashirin iqtisodiyot”ga chek qoʻyish, bu borada elektron klassifikatorni ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan byudjet hisobidan qilinadigan barcha xaridlar Soliq qoʻmitasining “Ye-ombor” platformasi orqali amalga oshirilishi belgilandi.

Joriy yilda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 2,5 milliard dollarlik yangi loyihalar boshlanadi. Qayd etilganidek, endi bunday loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ham majburiy ekspertizadan oʻtkaziladi.

Shuningdek, tashqi qarz hisobidan loyiha amalga oshirish tizimi ham oʻzgaradi. Bunda loyihaning baholash hisoboti va texnik-iqtisodiy asoslari bir-biriga moslashtirilib, bitta loyiha hujjati ishlab chiqiladi. Natijada vaqt 8-9 oyga qisqaradi. Texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlanmagan loyihaga qarz jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Yigʻilishda shaharlarni rejalashtirishdagi kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Koʻp joylarda bu oʻz holiga tashlab qoʻyilgani oqibatida ijtimoiy infratuzilma, xizmatlar va ish oʻrinlari birdek rivojlanmayapti. Ayrim binolar pala-partish, koʻchalar qiyofasiga nomutanosib qurilayapti.

Shu bois, oʻzboshimchalik bilan va noqonuniy qurilgan obyektlarni tartibga olish boʻyicha qonunchilikni mustahkamlash, tegishli idoralar ishtirokida yangi tizim yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Bu yil 170 ta, kelasi yili kamida 300 ta shahar va shaharchaning bosh rejasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bunda “Mening hududim” platformasi ishga tushirilib, har bir reja aholi bilan muhokama qilinadi va ijrosi boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi.

Davlatimiz rahbari yangi uy-joylar tannarxi masalasiga alohida toʻxtaldi. Quruvchi kompaniyalarni moliyaviy resurslar bilan taʼminlash maqsadida Ipotekani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinishi belgilandi.

Bu yil 80 ming xonadonli 1 ming 800 ta uy-joy va 45 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etilishi aytildi.

Kommunal soha tahlil qilinar ekan, aksariyat koʻp qavatli uylarda energiya sarfi yuqori ekani qayd etildi. Shu bois ularda energiya tejash boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi. Unga muvofiq, koʻp qavatli uylar joyiga qarab markazlashgan, lokal yoki individual isitish tizimiga, ayrim qozonxonalar kogeneratsiya texnologiyasiga oʻtkaziladi. Bu orqali 2024-yilning oʻzida 600 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi va 2,5 milliard kilovatt elektr iqtisod qilish mumkin.

Soʻnggi yillarda ichimlik suvi sohasiga 25 ta loyiha doirasida xalqaro moliya tashkilotlaridan 2,5 milliard dollar jalb qilindi. Oʻtgan yilning oʻzida barcha manbalardan 8 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Joriy yilda qoʻshimcha 1,5 million aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash rejalashtirilmoqda.

Mutasaddilarga ichimlik suvi sifati standartlarini yangilab, barcha inshootlarda joriy etish, nasoslarni modernizatsiya qilib, suv yetkazib berish tannarxini kamaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, 5 ta shaharda – Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyoʻl shaharlarida tajriba tariqasida suv taʼminotiga xususiy sheriklar jalb qilinishi aytildi.

Koʻp qavatli uylarni taʼmirlash, yertoʻlalarini tadbirkorlarga ijaraga berish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Endi bu boradagi maʼlumotlar ham raqamlashtirilib, “Mening uyim” tizimiga bogʻlanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq eʼlon qilinadi.

Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarning kreditlarini soʻndirish hamda debitor qarzdorligini qisqartirish choralari belgilandi.

Umuman, elektr energiyasi, gaz, suv, issiqlik, chiqindi va soliq toʻlovlari boʻyicha xonadonning yagona billing hisob-raqamini joriy qilish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Transport sohasi haqida soʻz borganda, avvalo, jamoat transporti qamrovini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi. Yangi avtobuslar olib kelish, shaharlarda yoʻlovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirishga oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoʻl qurilishida “yashirin iqtisodiyot” ulushi yuqoriligi, buni nazorat qiladigan Transport inspeksiyasining faoliyati sustligi koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga yoʻl qurilishidagi 40 dan ziyod standart va meʼyorlarni Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi talablariga moslashtirish topshirildi.

Xalqaro yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovlarini, yuk va yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi. “Qoʻqon”, “Samarqand” va “Toshkent” vokzallari, “Andijon” hamda “Urganch” aeroportlari boshqaruvi xususiy sektorga berilishi belgilandi. Shuningdek, Shahrisabz, Sariosiyo va Qoʻqon aerodromlari taʼmirlanib, mahalliy aviatashuvlar yoʻlga qoʻyiladi.

Toshkent shahrida tirbandlik muammosining yechimini topish, drenaj tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.

Ekologiyani asrash bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan.

Yurtimizda 2020-yildan buyon 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushgan. Umuman, bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillardan atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqayapti. Koʻp hollarda, qurilish obyektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan oʻtkazilmasdan amalga oshirilayapti.

Shuning uchun 1-apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinishi belgilandi. Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalarini oʻrnatishni boshlash vazifasi qoʻyildi.

Yirik sanoat va barcha sement korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatiladi, eskilari almashtiriladi. Qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbogʻ” yaratilib, jami 10 million tup daraxt ekiladi.

Kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 3 ming gektar “yashil belbogʻ” va 200 gektar “yashil bogʻlar” tashkil qilinadi.

Toshkent shahrida atmosfera havosining sifat koʻrsatkichini doimiy eʼlon qilib boradigan tablo va monitorlar oʻrnatiladi. Shuningdek, poytaxt koʻchalarida ogʻir yuk mashinalari va muddati 10-yildan oshgan avtomobillar harakati bosqichma-bosqich cheklanadi. 2025-yil 1-yanvardan “Ai-80” markali benzindan voz kechish masalasi hal etiladi.

Toshkent shahri jamoat transportini elektr va gazga oʻtkazish, metro vagonlari sonini oshirish choralari koʻriladi. “Yashil energetika”ni qoʻllab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsadida aholini elektromobillarga oʻtishini ragʻbatlantirish tizimi joriy qilinadi.

Yigʻilish yakunida Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlar joriy yilgi rejalari boʻyicha axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер