Qozogʻistonda “Oʻzbek kino kunlari” boʻlib oʻtadi

11:57 06 Dekabr 2021 Madaniyat
1448 0

Shu yil 6-8-dekabr kunlari Kinematografiya agentligi Qozogʻistonda “Oʻzbek kino kunlari”ni taqdim etadi. Unda taniqli kinoijodkorlardan iborat oʻzbek delegatsiyasi ham ishtirok etadi. Agentlik tomonidan suratga olingan oʻzbek filmlari Qozogʻiston milliy telekanallarida namoyish etiladi. Oʻzbek telekanallarida esa qozoq milliy filmlarining namoyishlari boʻlib oʻtadi. Eʼtiborlisi bunday loyiha ilk bora oʻtkazilmoqda.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga tashrifi chogʻida madaniy hamkorlik aloqalarini yanada tiklash maqsadida tashkil etilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimi 6-dekabr 17:00 da Quanishbayeva nomidagi qozoq davlat akademik musiqa drama teatrida boʻlib oʻtadi.

Tadbirning birinchi kunida Kinematografiya agentligi hamda “Vatan” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan rejissyor Hilol Nasimovning “Meros” hamda qolgan kunlari Jahongir Qosimovning «Kinomaniya» studiyasi tomonidan suratga olingan “Ibrat”, Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmlarining maxsus namoyishlari boʻlib oʻtadi. Oʻzbek delegatsiyasining Qozogʻistonga tashrifi davomida Qozogʻiston axborot va aloqa vaziri oʻrtasida uchrashuv oʻtkaziladi.

Oʻzbek delegatsiyasida Agentlik bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida rejissyor Hilol Nasimov, aktyorlar Karim Mirhodiyev, Fotih Nasimov, aktrisalar Gavhar Zokirova, Aysanem Yusupova, kulgi ustasi Boltavoy Toshmatov, estrada xonandasi Rayhon Gʻaniyeva va boshqalar ishtirok etishadi.

Shuningdek, Quanishbayeva nomidagi milliy akademik drama teatrida ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari, kinoijodkorlar bilan mahorat darslari, animatsion va hujjatli filmlar namoyishlari oʻtkaziladi.

Eslatib oʻtamiz joriy yilda oʻzbek va qozoq ijodkorlari hamkorlikda “Meros” badiiy filmi va “Abay soʻzi” hujjatli kartinalarini suratga olishgan edi. “Oʻzbek kinosi kunlari” doirasida hamkorlikdagi yangi filmlar “Qoʻshnilar” («Sosedi») hamda “Eshelonlar Sharqqa ketadi” («Eshelonы idut na Vostok») kinoloyihalarining muhokamasi boʻlib oʻtadi.

Alohida qayd etish kerakki, 6-dekabr kuni soat 10:00 da Qozogʻistonning Xabar telekanali «Ilhaq» filmini namoyish qilsa, “Yel Arna” telekanali 12:00 da “Alisher Navoiy” filmini efirga uzatadi. Shuningdek, “Ilhaq” ham ushbu telekanalda 7-dekabr 12:00 da namoyish etiladi. Oʻzbek telekanallarida esa «Nebo moyego detstva», «Orexovoye detstvo», «Kanikulы offlayn», «Jau jurek mыn bala» kabi qozoq milliy filmlarining namoyishlari boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?