Qovun sayli gʻoliblariga mototsikl topshirildi

14:33 07 Avgust 2023 Jamiyat
305 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ilgari xabar berganimizdek, Buxoro shahrida Mustaqillikning 32 yilligi munosabati bilan anʼanaviy qovun sayli oʻtkazildi.Uch kun davom etgan tadbirda klasterlar, fermer xoʻjaliklari rahbarlari, polizchi va tomorqachilar serquyosh zaminimizda yetishtirilgan eng sara navdagi qovun va tarvuz savdo-koʻrgazmasini tashkil qildilar.

— Ushbu saylda qovunning “Koʻkcha”, “Amiri”, “Boʻrikalla”, “Novvoti”, “Barginay” kabi xilma-xil navlarini koʻrib, yurtimizda qovunchilikning eng yaxshi anʼanalari davom etayotganiga guvoh boʻldim, — deydi peshkulik fermer A. Rahimov. —Tumanimizda ham qovun yetishtirish hadisini olgan dehqonlar koʻp. Xususan, Zandane qishlogʻida yetishtirilgan qovunlar shirin-shakarligi bilan azaldan mashhur boʻlgan. Biz ham shu anʼanani davom ettirish harakatidamiz. Savdo-koʻrgazmaga qoʻyilgan poliz mahsulotlarimiz xaridorlarga maʼqul tushdi, ular qovun mazasini tatib koʻrib, xarid qildilar.

Anʼanaga muvofiq, sayl yakunida voha qovunchiligi maktabini yangi bosqichga olib chiqishga azmu shijoat qilganlar mehnati munosib eʼtirof etildi. Hududlar oʻrtasida Kogon va Gʻijduvon tumanlari birinchi oʻringa loyiq koʻrildi. Fermer xoʻjaliklari oʻrtasida esa Buxoro tumanidagi “Madaniyat Muhammad Ismat” fermer xoʻjaligi rahbari, Oʻzbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov bilan Peshku tumanidagi “Abdurahmonobod” fermer xoʻjaligi rahbari Abduxalil Rahimov gʻolib deb topildi. Ularga mukofot tariqasida uch gʻildirakli yuk tashishga moʻljallangan mototsikl taqdi qilindi. Qovun sayliga yaxshi niyatlar bilan qatnashgan dehqonu sohibkorlar mehnati qadrlandi. Ular tashkilotchilar tomonidan ikki gʻildirakli mototsikl, televizor va boshqa qimmatli sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер