Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish koʻzda tutilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsish surʼati murakkab geosiyosiy vaziyat fonida 2021-yildagi 7,4 foizdan 2022-yilda 5,7 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiyotimizning oʻsish surʼati 2023-yilda 5,3 foiz atrofida, 2024-yilda 5,6 foiz, 2025-yilda esa 6,0 foiz miqdorida boʻlishi prognoz qilinyapti. Jahon bozorida oziq-ovqat va yonilgʻi narxlarida kuzatilayotgan tebranishlar natijasida Oʻzbekistonda 2022-yilda inflyatsiya darajasi 12-12,3 foiz atrofida boʻlishi, 2023-yilda 9,5 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilar ekan, murakkab geosiyosiy vaziyatda pasayish kutilayotgan bir sharoitda aholining ijtimoiy muhofazasi qanday boʻlishiga eʼtibor qaratdi.
Qayd etilganidek, 2023-yilgi Davlat byudjeti xarajatlarida ijtimoiy himoya xarajatlarining oshirilishi koʻzda tutilayotgan boʻlib, bir qancha yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan, barcha tadbirkorlik subyektlarida ishlovchi ayollarning homiladorlik nafaqa pulini byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlab berish tizimi, taʼlim krediti uchun davlat byudjetidan tijorat banklariga maqsadli resurslar ajratish 2 barobarga oshirilishi, magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlar toʻlov kontrakti Davlat byudjetidan qoplanishi, mahallabay ishlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlashning yangi tizimlarining joriy etilishi shular jumlasidandir.
Shuningdek, oliy taʼlim qamrovining keskin oshayotgani munosabati bilan davlat-xususiy sheriklik va davlat oliy taʼlim tashkilotlarining buyurtmalari asosida talabalar turar joyini barpo etish boʻyicha loyihalar uchun subsidiyalarning oshirilishi, eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish xarajatlarining oshirilishi, energetika sohasi, umumiy transport va issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan tariflarini past narxlarda ushlab turilishi natijasida koʻrilgan zararni qoplash xarajatlarining oshirilishi kabi muhim ijtimoiy masalalar nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, qator soliq boʻyicha qator yangiliklar ham bor. 2023-yil 1-yanvardan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish koʻzda tutilmoqda. Qonun loyihasida kichik va oʻrta biznes rivojlanishini ragʻbatlantirish maqsadida tovar aylanmasi 1 mlrd. soʻmdan oshgan kichik biznes toifasiga kiruvchi tadbirkorlar uchun 1 yil davomida foyda soligʻi stavkasini 2 baravarga pasaytirish nazarda tutilmoqda.
Yuqoridagi jihatlar qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga har tomonlama mos kelishi taʼkidlandi.
Yigʻilishda sogʻliqni saqlash tizimidagi loyihalarni moliyalashtirish va oʻz vaqtida toʻliq amalga oshirish, suv taʼminotini yaxshilash bilan bogʻliq loyihalarni moliyalashtirish, elektr energiya va gaz taʼminotidagi muammolarni samarali hal qilish masalalari boʻyicha munozaralar boʻlib oʻtdi. Fraksiya aʼzolarining savollariga mutasaddi vazirliklar vakillari javob berdi.
Qonun loyihasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablagʻlarning bir qismini tumanlar va shaharlar byudjetlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli ekani belgilanayotgani muhim ahamiyatga ega. Xalq demokratik partiyasi hududiy Kengashlardagi partiya guruhlari orqali bu huquq va imkoniyatdan kengroq foydalanishga harakat qiladi.
Deputatlar 2023-yilga moʻljallangan davlat byudjetida ijtimoiy himoyaga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidlab, qonun loyihasini qoʻllab-quvvatladi.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarda qator holatlarda davlat bojini toʻlashdan ozod qilish koʻzda tutilayotgani Xalq demokratik partiyasi tayanadigan prinsiplarga mos ekani qayd etilib, loyiha maʼqullandi.
Kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha koʻrib chiqilib, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring