Qori Yoʻldosh Poʻlatov nomi abadiylashtiriladimi?

14:56 08 Noyabr 2024 Jamiyat
305 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. 8-noyabr sanasi buxorolik tarix va madaniyat ixlosmandlari, xususan, muzey xodimlari uchun qadrli. Negaki, bundan roppa-rosa 102 yil muqaddam — 1922-yilning 8-noyabrida koʻpchilikka hozir Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi nomi bilan yaxshi tanish tabarruk maskanga tamal toshi qoʻyilgan.

Eʼtiborlisi, bu “Buxoro axbori” (hozirgi “Buxoronoma”) gazetasidagi bir xabar orqali tarix zarvaraqlarida muhrlanib qoldi. Shu birgina dalil ham gazetaning oʻrni, ahamiyati nechogʻli katta ekanligidan kichik bir nishonadir.

— “Buxoro axbori”ning 1922-yil 112-sonida “Buxoroda birinchi muzaxonaning ochilish marosimi” sarlavhali maqola eʼlon qilingan, — deydi muzey-qoʻriqxona Tarix ilmiy boʻlimi mudiri Oʻktamali Ravshanov. — Unda yozilishicha, maorif noziri Qori Yoʻldoshning saʼy-harakati bilan Buxoroda birinchi muzeyga asos solingan. Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosim tantanali tarzda oʻtgan. Mehmonlar orasida nozirlar shoʻrosining raisi Ota Xoʻja, hukumat aʼzolari, Rossiya vakili Funshteyn va boshqalarni koʻrish mumkin edi. Tadbir avvalida maorif noziri muovini Mazhar Maxdum soʻz olib, “Bir mamlakatning tarixini bilmak uchun muzaxonadan ortiq bir tarix kitobi boʻlmas”, degan soʻzlarni aytadi.

Marosim soʻnggida maorif noziri Qori Yoʻldosh Poʻlatov soʻzga chiqib, donishmandlarga xos kamtarlik bilan “Biz bu yoʻlda gʻoyat oz ishlab, kichik bir narsa maydonga chiqora bildik. Ishonamanki, bizdan soʻngragilar muni takmil etarlar”, degan gaplarni aytadi.

Voqealar rivojidan oʻzib aytish lozimki, bu maʼrifatparvar, jadid insonning bashorati toʻgʻri boʻlib chiqdi. Ayni damda muzey-qoʻriqxonaning joylarda oʻndan ziyod filiali ishlab turibdi.Ulardagi minglab eksponatlar xalqimizning boy madaniy, madaniy, moddiy boyligi sifatida xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Aytmoqchi, muzey ochish tashabbuskori boʻlgan Qori Yoʻldosh Poʻlatov haqida nimalar maʼlum? Tabiatan elparvar, taraqqiyot yoʻlini ilm-u maʼrifatda deb bilgan bu inson Buxoro Respublikasi tuzilganida xalq maorifi noziri boʻlgan. “Maktablar haqidagi umumiy qoidalar” dasturini ishlab chiqqan. Bir yilcha “Buxoro axbori” gazetasi bosh muharriri lavozimida ishlagan. Oʻzbekiston SSR tashkil topganidan soʻng avvaliga moliya vaziri, keyin Xalq Komissarlar Soveti raisi vazifasini bajargan. Vazirlik paytida xizmat mashinasidan voz kechib, ishga el qatori piyoda borib kelgan.

Afsuski, suronli 30-yillardagi qattolliklar Qori Yoʻldoshni ham oʻz changaliga oldi. 1937-yilda qamaldi. Sovuq oʻlkalarga surgun qilindi. 1947-yilda ona yurtga qaytib keldi-yu ammo roʻshnolik koʻrmadi. Uni yana sud stoliga oʻtirgʻizdilar. Oqibatda umrining yana 9-yili qamoqda kechdi. 1957-yilda oqlandi. Garchi, u qatagʻondan tirik qolgan boʻlsa-da qattol tuzum oʻz niyatiga yetgandi. Qori Yoʻldosh sogʻligidan ayrildi. “Xalq dushmani” tamgʻasi uni qon-qarindoshlaridan ham judo qildi. Ogʻir dard tufayli 1965-yilda hayotdan koʻz yumdi. Tarix fanlari doktori, professor Shodmon Hayitov taʼkidlaganidek, u oʻz toʻshagida jon taslim qilgan yagona jadid sifatida tarixda qoldi.

Yana oʻsha suronli yillarda gazetada eʼlon qilingan maqolaga qaytamiz. Unda yozilishicha, marosimda soʻz olganlardan biri muzeyga Qori Yoʻldosh nomini berish taklifini oʻrtaga tashlaydi. Tadbir ishtirokchisi Ota Xoʻja hukumat vakili sifatida bu taklifni qoʻllab-quvvatlaydi. Keyin nima boʻlgani bizga hozircha nomaʼlum. Lekin Fayzulla Xoʻjayev, Fitrat, Sadriddin Ayniy, Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayev singari jadidlar bilan bir safda turgan bu fidoyi insonning nomi abadiylashtirilsa foydadan xoli boʻlmasdi. Zero, yurtimizni hur va ozod koʻrish, xalqimizni ilm-u maʼrifatli qilish yoʻlida jon tikkan ajdodlarimizni yod etish insoniy burchimizdir!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?