Qoraqalpogʻistonlik bolalarda laparoskopik usulda urologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilmoqda — SSV

19:18 09 Iyun 2023 Jamiyat
460 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan yurtimiz boʻylab “Dispanser nazoratida turgan hamda nogironligi boʻlgan bolalar salomatligi oyligi” oʻtkazilayotgani haqida xabar bergan edik.

Aksiya doirasida hududlarda malakali mutaxassislar ishtirokida tibbiy koʻriklar tashkil etilib, bemor bolalarda yuqori texnologiyali operatsiyalar bajarilyapti.

Xususan, shu kunlarda Bolalar milliy tibbiyot markazining bir guruh yetakchi shifokorlari olis Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib, dispanser nazoratida turgan va nogironligi bor bolalarni tibbiy koʻriklardan oʻtkazmoqda.

— Respublikaning 16 ta tumani 7 guruhga ajratilib, joylarda tibbiy tekshiruvlar tashkil etilyapti, — deydi markaz direktori Maksud Saidov. — Kecha Xoʻjayli tumanida koʻriklar oʻtkazdik, bugun esa Chimboydamiz.

Aksiya davomida bemorlar tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga koʻra tasniflanib, koʻrsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olinmoqda.

Shuningdek, murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladigan bemor bolalar saralanib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududdagi filialida poytaxtlik shifokorlar boshchiligida yuqori texnologiyali operatsiyalar oʻtkazilyapti.

— Bugun Qoraqalpogʻiston tibbiyoti tarixida ilk bor bemor bolada laparoskopik piyeloplastika operatsiyasi bajarildi, — deydi M. Saidov. — Shuningdek, kichik yoshli bemorda birinchi marta ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatidan graft olinib, gipospadiyani ogʻir turida Bracka amaliyoti oʻtkazildi. Ahamiyatlisi, ushbu jarrohlik muolajalari tanaga tigʻ tekkizmasdan, kichik kesmalar orqali kam invaziv yoʻl bilan amalga oshirilyapti.

— Ertaga esa peshob yoʻllari tananing tashqarisida joylashishi tugʻma nuqsoni bilan dunyoga kelgan 2 kunlik chaqaloqda juda ogʻir (ekstrofiya-epispadiya kompleks) CPRE operatsiyasini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 20 dan ortiq LOR, 10 ga yaqin kardiologik va neyroxirurgik amaliyotlar, jami 100 dan ziyod murakkab operatsiyalarni bajarish koʻzda tutilgan. Eng muhimi, mazkur amaliyotlar davlat hisobidan bepul oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер