Qoraqalpogʻistonda yangi tejamkor suv nasoslari oʻrnatilmoqda
Prezidentimiz raisligida 2024-yilning 7-noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2025-yil – suv xoʻjaligida “nasoslar samaradorligini oshirish yili” boʻlishi belgilangan edi. Shu bois, bugungi kunda suv xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi nasoslar samaradorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarga olimlar ham jalb etildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qoraqalpogʻiston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufida hozirgi kunda 303 ta SNPE-500/10 rusumli nasoslardan foydalaniladi. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, ushbu nasoslar elektr energiya sarfi yuqori boʻlib, toʻliq quvvatda ishlaganda soatiga 110 kVt elektr energiyasini sarflaydi.
Qoraqalpogʻiston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi ushbu rusumdagi nasoslarni muqobili boʻlgan zamonaviy, energiya tejamkor “ShIMGE” rusumli nasoslarga almashtirish tadbirlarini bajarishmoqda. Yangi rusumli nasoslar Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan boʻlib, 18,5 kVt elektr quvvatidagi elektro-dvigatellar bilan jihozlangan va sekundiga 277 litr suv chiqarishga moʻljallangan.

—Tadqiqot davomida har bir nasos stansiyaga oʻrnatilgan zamonaviy, energiya tejamkor “ShIMGE” rusumli nasoslardan chiqarilayotgan suv sarflari va boshqa bir necha koʻrsatkichlar oʻrganildi, — deydi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining “Nasos stansiyalari va elektr energiyasi” laboratoriya mudiri Jasur Narziyev. — Xususan, bosimli quvurlarda AFT-2000N markali suv sarfini oʻlchash lazerli portativ qurilmasi orqali hamda suv keltiruvchi kanallardagi suv sarflari SONTEK S5 rusumli dopler-profilograf yordamida aniqlandi. “SNPE 500/10” rusumli nasos agregatining muqobili sifatida foydalanilayotgan “ShIMGE” nasos agregatining samaradorligini baholash maqsadida tadqiqot natijalari taqqoslandi va tahliliy xulosalar tayyorlanmoqda.
Tadbir davomida Qonlikoʻl tumanidagi “Azamat”, Nukus tumanidagi “Kattagar”, Kegayli tumanidagi “Koʻkoʻzak”, Qoraoʻzak tumanidagi “Yesimoʻzak” nasos stansiyalarida elektr energiyasi tejamkorligiga erishish hamda ularga suv keltiruvchi kanallarda suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borildi.
Eʼtiborlisi, nasoslar samaradorligini oshirish ishiga olimlar ham jalb etilib, ilmiy xulosalar asosida eng samarali hamda kamroq energiya bilan koʻproq suv chiqarib, olis ovullargacha suv yetkazish borasida barcha yakdil harakat qilishmoqda.
Gʻayrat OTAJONOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring