Qoraqalpogʻistonda suvdan samarali foydalanish yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi

19:15 02 May 2024 Jamiyat
210 0

Gʻayrat Otajonov / “Xalq soʻzi”. Joriy yilning 2-may kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning zarurati va hozirgi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga Amudaryo orqali kelib turgan suv miqdorlari boʻyicha jamoatchilikka maʼlumot berish maqsadida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Matbuot anjumani avvalida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Baxtiyar Juzbayev hududga oldingi davrlarda kelib turgan suv miqdorlari, hozirgi davrda kamayib borayotgani va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish zaruratining qanchalik dolzarb masala ekanligi boʻyicha bayonot qildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda iqlim-oʻzgarishi, yogʻingarchilik miqdori va togʻliklarda muz zaxiralari kamayganligi hisobiga respublikamizning yagona suv manbasi boʻlgan Amudaryo daryosida suv hajmi yildan yilga kamayib bormoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, 2030-yilga borib suvning umumiy taqchilligi 2,3 barobar oshishi kutilmoqda, keyingi 10–15-yil ichida aholi jon boshiga suv taʼminoti deyarli 2 barobar qisqaradi. Lekin suvga boʻlgan talab 20 foizga oshadi, sanoat va energetika sohalarining suv isteʼmoli 84 foizga oʻsishi kutilmoqda.

Suvni tejash masalasiga Davlat rahbari alohida eʼtibor qaratib, 2023-yilning 29-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” eʼlon qilingandi. Prezident topshirigʻi bilan suv resurslaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida bir yil davomida suvni tejash boʻyicha favqulodda ish tizimiga oʻtilishi belgilan.

Yurtboshimiz belgilab bergan vazifalar ijrosini taʼminlash, respublikamizda suv yoʻqotishlarni kamaytirish maqsadida, Hukumatning tegishli qarori asosida birgina Xoʻjayli tumanining oʻzida “Shirin jap” va “Tashli jap” kanallarida keng koʻlamda rekonstruksiya, yaʼni betonlash ishlari amalga oshirilgani taʼkidlab oʻtildi.

Ochiq muloqot shaklida oʻtkazilgan tadbirda jurnalistlar oʻzlarini va hududlardagi suv isteʼmolchilarini qiziqtirayotgan savollar bilan suv xoʻjaligi masʼullariga yuzlandilar. Savollarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Baxtiyar Juzbayev batafsil javoblar berdi.

Matbuot anjumani yakunida yuqorida berilgan savollar hamda suv xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish boʻyicha vazirlikning Matbuot xizmati bilan tigʻiz hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?