Qoraqalpogʻistonda suv taʼminoti yaxshilanmoqda

11:26 02 Oktyabr 2024 Jamiyat
181 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Keyingi yillarda Orol dengizining qurishi, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligi Qoraqalpogʻiston Respublikasining olis hududlaridagi aholini ichimlik suv taʼminotidagi muammolarni ham oshishiga sabab boʻldi. Negaki, kanal va ariqlarda suvlarning kamayishi, yer osti suvlarining tortilishi tabiiy. Natijada olis hududlardagi aholi bir necha chaqirimdan suv tashib isteʼmol qilishiga toʻgʻri kelardi.

Eʼtiborlisi, davlatimiz tomonidan olis ovullardagi aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan xayrli ishlar natijasida kun boʻyi oiladan bir kishi suv tashish bilan ovora boʻladigan kunlar tarixda qoldi. Bunga Qoʻngʻirot tumanidagi olis ovullarga ichimlik suv yetkazish borasidagi ishlar fikrimiz isbotidir.

Hudud aholisining murojaatlari inobatga olinib, 28,3 kilometr masofaga ichimlik suv tarmoqlari tortilmoqda. Bu ishlarga 9,2 milliard mablagʻ ajratilib, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur qurilish doirasida 32 ta suv saqlagich, suvni zararsizlantirish va bitta nasos stansiyasi obyektlari yangidan qurilmoqda. Ajratilgan 9,2 mlrd. soʻm mablagʻ asosida qurilish obyektida 2 suv saqlagich, suvni xlorlash va nasos stansiyalarini yangidan qurish ishlari ham olib borilmoqda. Mazkur ishlar yakunlangandan keyin hududdagi 380 dan ortiq xonadonlar toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

– Hududimizdagi “Maylibay”, “Taza jol”, “Qizil kosh” va “Yerkin” ovullariga ham suv tarmoqlari tortilmoqda, – deydi ovul nuroniylaridan biri Isaq ota Saliyev. – Biz olis hududlargacha suv tarmoqlari orqali toza ichimlik suvlari tortilishini yaqingacha tasavvur ham qilmagandik.

Ilgari yozda kanallar va quduqlardan suv olardik. Kuz kelishi bilan ularda ham suv kamayib, suv taʼminoti ovul aholisini qiynaydigan koʻp yillik muammolardan biri edi. Ayni paytda bir guruh quruvchilar trassada asosiy tarmoqni tortayotgan boʻlsa, yana bir guruhi xonadonlarga suv tarmoqlarini tortish, hisoblagichlarni oʻrnatish ishlarini amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, yoʻllarni taʼmirlash, transport xizmatini yaxshilash borasidagi ishlardan ham ovul ahli xursand. Buning uchun avvalo, Prezidentimizga va respublika rahbariyatiga hudud aholisi nomidan minnatdorlik bildiramiz.

Tumandagi “Xorazm” ovul fuqarolar yigʻini hududi aholisi ham bugungi kungacha ichimlik suv muammosidan qiynalib kelayotgandi. Hozirda mazkur hududga ham 13,2 kilometr suv tarmoqlarini tortish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Bu hududda qurilish ishlari yakuniga yetkazilgach, jami 120 dan ortiq xonadonga ichimlik suv yetkaziladi.

– Ovulimizga suv kelgani biz uchun katta toʻy, – deydi Toʻxtaxon aya Artiqova. – Ilgari aholi kuni boʻyi suv tashish bilan band boʻlardi. Ayniqsa, suv kamayib ketgan mavsumlarda bir chaqirimdan ortiq masofadan suv olib kelishga majbur boʻladigan ayollar bu ishlar boshida turganlarni duo qilmoqda.

Shuningdek, oldin quduqlardan suv ichib kelgan tumandagi “Jetkenshek” va “Xoja” ovullariga ham endilikda toza ichimlik suv tarmoqlari tortilib, aholiga suv yetkaziladigan boʻldi.

Amudaryo tumanidagi “Namuna” mahallasidagi mahalladagi 288 ta xonadonni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 11,5 kilometr uzunlikdagi suv tarmogʻini tortiladi.

Belgilangan rejaga muvofiq xonadonlar joylashgan hududlarning shart-sharoitlari oʻrganilib, suv tarmogʻini tortish, yongʻinga qarshi gidrantlar oʻrnatish, quduqlar tayyorlash va xonadonlarni ketma-ket suv tarmogʻiga ulash uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Ellikqalʼa tumanidagi “Iftixor” mahallasida yashovchi 846 ta xonadonni markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlash maqsadida yangidan 44 kilometr uzunlikda yangi ichimlik suv quvurlari, 1 ta suv taqsimlash inshooti qurish ishlari olib borilmoqda.

Loyiha doirasida quvvati 500 m3 dan ikkita rezervuar, jami 1000 m3 boʻlgan 5 ta suv yetkazib berish nasosi qurilishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 11 milliard 500 million soʻmni tashkil qiladi. Qurilish ishlari yakunlangach mahallada yashovchi 846 ta xonadon markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?