Qoraqalpogʻistonda sanoatni rivojlantirish uchun yana 100 million dollar yoʻnaltiriladi

20:12 19 Avgust 2024 Siyosat
464 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xoʻjaylidagi Samonkoʻl va Bagʻman mahallalarida tadbirkorlar 10 million dollar investitsiya kiritib, 2 ta parrandachilik kompleksini ishga tushirmoqchi ekani qayd etib oʻtildi.

Toʻrtkoʻldagi Ullibogʻ mahallasida 6 ta tadbirkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Ularga asosiy temir yoʻlga ulanish uchun oʻz hisobidan 100 metr tarmoq tortishga ruxsat berilsa, qoʻshimcha 50 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarib, 2 million dollarlik eksport qilishini aytmoqda.

Beruniy, Toʻrtkoʻl, Xoʻjayli va Amudaryo tumanidan oʻtuvchi “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beynov” yoʻli boʻyidagi 140 gektar yerda 300 ta savdo va servis obyektini joylashtirsa boʻladi.

Ellikqalʼada 19 ta mahalla atrofida bozor yoʻqligi uchun Toʻrtkoʻl va Beruniy tumanlariga borishga majbur. Bu mahallalarga yaqin joydan 10 gektar ajratilsa, tadbirkor 5 million dollar investitsiya kiritib, zamonaviy bozor qurmoqchi.

Shu kabi koʻplab imkoniyatlarni sanab, Prezident Qoraqalpogʻiston tuman va shahar hokimlari masʼuliyatini oshirish boʻyicha yangi tizim boʻlishini taʼkidladi.

Bunda, tuman va shahar hokimlari har oyda oʻziga biriktirilgan bittadan viloyatga boradi, ulardagi yaxshi tajribalarni oʻrganadi va tumanida joriy qiladi. Tadbirkorlarga oʻz hududidagi salohiyat va ustun jihatlarni tadbirkorlarga taqdimot qiladi, kamida 5 tadan tashabbuskor topib, oʻz tumaniga olib keladi va loyihani boshlaydi.

Haftada bir kunni toʻliq tadbirkor va investorlarga ajratib, muammosiga yechim topadi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston hududlari bilan boshqa viloyatlardagi tumanlar oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish boʻyicha har yili investitsiya forumi oʻtkaziladi.

Oʻtgan yili Qoraqalpogʻistondagi sanoat loyihalari uchun 100 million dollar resurs berildi.

Nukus shahrida sanoat ipotekasi asosida tadbirkorlarga beriladigan 35 ming kvadrat metr maydoni bor ilk loyiha ishga tushayapti. Bir oy ichida yana bir shunday obyekt foydalanishga topshiriladi.

Mutasaddilarga ushbu tajribani ommalashtirib, yil yakunigacha Nukus erkin iqtisodiy zonasi hududida zamonaviy texnopark tashkil qilish topshirildi. Bunda, biznes uchun tayyor binolar qurilib, tadbirkorlarga 10-yilga lizingga beradi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda sanoatni rivojlantirish uchun yana 100 million dollar yoʻnaltiriladi.

Nukus shahrida 1 million dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari toʻgʻridan-toʻgʻri berilayapti.

Kichik investitsiyalarga ham yer toʻgʻridan-toʻgʻri berilsa, investorlar Nukus shahri, tuman markazlari va yoʻl boʻylarida kamida 2 ming aholini ish bilan taʼminlamoqchi.

Davlatimiz rahbari bunday kichik va oʻrta loyihalarga yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish taklifini maʼqulladi.

Umuman, Qoraqalpogʻistonda amalga oshirsa boʻladigan yana 9,5 milliard dollarlik 120 ta istiqbolli loyihalar tayyorlangan.

Sentyabr oyida Qoraqalpogʻistonda yirik Investitsiya forumini oʻtkazish reja qilingan. Masʼullarga forumga puxta tayyorgarlik koʻrish topshirigʻi berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер