Qoraqalpogʻistonda qurilganiga 80 yildan oshgan «Suyenli» magistral kanali rekonstruksiya qilinadi

Foto: Xalq so‘zi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligida Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) mutaxassislari ishtirokida «Suyenli» magistral kanalini rekonstruksiya qilish loyihasi muhokama etildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, loyihaga koʻra «Suyenli» magistral kanalini betonlash, uning gidrotexnik inshootlarini boshqarishni avtomatlashtirish tizimiga oʻtkazish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, kanalni rekanstruksiya qilish loyihasi doirasida suv resurslaridan foydalanish hamda suv isteʼmolida tejamkor texnologiyalarni joriy etish maqsadida hududdagi jami 25 ming gektar sugʻoriladigan maydonlarni lazerli qurilma yordamida tekislash rejalashtirilgan.
— 1941-yili qurilgan «Suyenli» kanali bugunga qadar rekonstruksiya qilinmagan, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari T. Madireymov. — Bu Amudaryoning eng quyi qismida joylashgan va shimoliy tumanlarni suv bilan taʼminlovchi asosiy kanal boʻlib, uzunligi 96,6 kilometrni tashkil etadi. Loyihaviy suv oʻtkazuvchanlik qobiliyati 140 m3/sekund boʻlib, Xoʻjayli, Taxiatosh, Shumanay, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarining jami 171 ming maydonlarini suv bilan taʼminlashga moʻljallangan. Daryodan oqib kelayotgan suvlar asosan loyqa suvlar boʻlib, kanalda choʻkindilar turib qolishi, dambalar yemirilib, loyihaviy parametrlari oʻzgarib ketishi natijasida kerakli miqdordagi suvlarni oʻtkazish qobiliyatini yoʻqotgan. Kanalning foydali ish koeffitsiyenti 0,57 foizga tushib, suv oʻtkazish qobiliyati 75 m3/sek tashkil qilmoqda. Natijada tumanlardagi ekin maydonlarining suvga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashda muammolar yuzaga kelayotgan edi.
Shuningdek, kanalning tumanlarga suvni koʻtarib berishga xizmat qiladigan yirik “Qorabayli”, “Kindik-oʻzak”, “Taban-koʻl” va «Jinishke» suv taqsimlovchi inshootlarida ham koʻp yillardan buyon rekonstruksiya ishlari olib borilmagan.
Tadbirda kanalda amalga oshiriladigan ishlar va bugungi holati slaydlar yordamida taqdimot qilindi.
Kanalning 96,6 kilometr qismini betonlash va yirik gidrotexnik inshootlarni hamda suv oʻlchash postlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, suvni boshqarish tizimi yangi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan va avtomatlashtirilgan taqdirda uning foydali ish koeffitsiyentini 0,57 dan 0,93 ga oshirish mumkin.
Tadbir ishtirokchilari «Suyenli» magistral kanalining suv olish qismi va gidroinshootlar joylashgan hududlarga borib, mavjud holat bilan yaqindan tanishdilar.
Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring