Qoraqalpogʻistonda bogʻcha qamrovi 28 foizdan 84 foizga oshdi

19:34 19 Avgust 2024 Siyosat
231 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonga tashrif doirasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Barcha hududlar qatori Qoraqalpogʻistonda ham iqtisodiyotni tez oʻstirishga zamin tugʻdiradigan drayver yoʻnalishlarda investitsiya, ish oʻrni, eksportni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Oʻtgan davrda Qoraqalpogʻistonda 1,4 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya evaziga 150 ta loyiha ishga tushdi. Tadbirkorlar 12 mingdan 25 mingga, tijorat maydonlari 1,5 million kvadrat metrga koʻpayib, 212 ming odam doimiy ishga joylashdi.

Qoraqalpogʻistonda biznes va investitsiya uchun qulay muhit, daromad topish uchun yangi-yangi imkoniyatlar paydo boʻldi.

Masalan, faoliyatini mikro-loyihadan boshlagan 13 ming tadbirkor kichik biznesga, yana 351 tasi oʻrta biznesga oʻtdi. Yillik aylanmasi 100 milliard soʻmdan yuqori tadbirkorlar 43 taga yetdi.

Davlat dasturlari doirasida yoʻl, suv, ijtimoiy obyektlar qurilishi va mahalla infratuzilmasiga 11 trillion soʻm ajratildi. Xususan, bogʻcha qamrovi 28 foizdan 84 foizga oshdi. Yangi 21 ta maktab qurildi, yana 243 tasi toʻliq taʼmirlandi.

Ilk marta 700 oʻringa moʻljallangan 17 qavatli IT-park qurildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ikki yil ichida 40 mingga yaqin qoraqalpogʻistonlik yoshlar oʻqitildi.

Tuman va shaharlarda 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punktlari ishga tushdi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlarida qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi. Oʻtgan davrda tibbiyot muassasalariga 300 milliard soʻmlik 1,5 mingdan ziyod asbob-uskunalar yetkazildi, yil yakunigacha yana 141 milliard soʻmlik tibbiy anjomlar beriladi.

Yaqin-yaqingacha oʻz uyiga mulk huquqi boʻlmagani uchun 100 mingdan ortiq aholi qiynalib kelayotgan edi. Bu muammo hal boʻlib, 27 mingta xonadonda yashovchi fuqarolarning uy-joyiga boʻlgan mulk huquqi eʼtirof etildi.

Qoraqalpogʻistonda Mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinib, 452 ta mahallaning har biriga 500 million soʻmdan ajratildi.

Osiyo taraqqiyoti bankidan jalb qilingan 274 million dollar hisobidan “Buxoro – Nukus – Beynov” yoʻnalishidagi 240 kilometr magistral yoʻl yaqin kunlarda ishga tushishi maʼlum qilindi.

Orolboʻyidagi iqlim sharoitini yaxshilash boʻyicha ham juda katta dastur boshlangan. Soʻnggi yetti yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,9 million gektarda oʻrmonzorlar barpo etildi. Natijada, hududning oʻrmon bilan qoplanish darajasi 19 foizdan 35 foizga yetdi.

Ekotizimni yaxshilash, shoʻrlangan, suvsiz muhitda yangi nav va urugʻlarni yaratish uchun Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi.

Yaqinda tasdiqlangan qishloq xoʻjaligini iqlimga moslashtirish dasturiga koʻra, Orolboʻyida iqlim oʻzgarishi oqibatini yumshatishga 80 million dollar beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер