Qora roʻyxatga kiritilgan Isroil, qurshab olingan Oq uy, Daniya Bosh vaziriga suiqasd, afsonaviy astronavtning fojiaviy oʻlimi, “Tesla” ishqibozlari uchun noxush xabar

22:16 10 Iyun 2024 Dunyo
379 0

Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida

BMT Isroilni qora roʻyxatga kiritdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish Isroilni urush hududlarida bolalarga yetkazilgan zarar uchun qora roʻyxatga kiritdi. Shu paytgacha bu roʻyxatda ISHID, “Al-Qoida” va “Boko Haram” kabi terrorchi guruhlar bor edi.

Maʼlumotlarga koʻra, Isroil Guterrishni bu harakatdan qaytarish boʻyicha bir qancha muzokaralar olib borgan boʻlsada muvaffaqiyatcizlikka uchragan.

Ushbu siyosiy taqiq mamlakatning obroʻsiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Chunki BMT organlari, jumladan, Bosh Assambleya, Xavfsizlik kengashi, Xalqaro sud va Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi tomonidan ham tilga olinadi.

Daniya bosh vaziri ham suiqasdga uchradi

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Kopengagen markaziy koʻchalaridan birida nomaʼlum erkak hujumiga uchradi.

Manbaga koʻra, Frederiksenga hujum qilgan shaxs darhol politsiya tomonidan hibsga olingan, biroq voqea bosh vazirni shok holatga tushirib qoʻygan.

Yevropada siyosiy yetakchilarga boʻlgan hujumlar tobora koʻpayib bormoqda. Oʻtgan oy Slovakiya bosh vaziri mamlakatning Handlova shahrida suiqasddan omon qolgan edi.

BMTning 11 nafar xodimi Yamanda asirga olindi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 11 xodimi Yamandagi husiylar harakati tomonidan hibsga olingan. Tashkilot husiylardan zudlik oʻz xodimlarini ozod qilishni talab qilmoqda.

BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning taʼkidlashicha, ularning xavfsiz va shartsiz ozod etilishini taʼminlash uchun barcha mavjud imkoniyatlar ishga solinadi.

Husiylar oʻzlarini Eron boshchiligida Isroil, AQSH va Gʻarbga qaratilgan “qarshilik oʻqi”ning bir qismi deb bilishadi. Ular Gʻazo sektoridagi falastinliklarni qoʻllab-quvvatlab, Qizil dengizda tijoriy yuk tashish kemalarini nishonga olishgan. Bu esa AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan javob havo hujumlariga olib kelgandi.

Xodimlarining uylari va idoralarida oʻtkazilgan reydlar chogʻida husiylar ularning telefon va kompyuterlarini olib qoʻyishgan.

Bayden va Makron Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanishni maʼqulladi

AQSH prezidenti Jo Bayden va Fransiya rahbari Emmanuyel Makron Parijda uchrashdi.

“Prezidentlar Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlarining Ukraina manfaati uchun immobilizatsiya qilingan Rossiya aktivlaridan foydalanish taklifini qoʻllab-quvvatlaydi”, deyiladi yigʻilish bayonotda.

Maʼlumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga harbiy yurishi boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari Moskvaning 280 milliard dollarga yaqin aktivlarini muzlatib qoʻygan edi.

Oʻz navbatida, Makron Isroil — Hamas urushi haqida Bayden tomonidan ilgari surilgan oʻt ochishni toʻxtatish taklifini maʼqullagan. “Gʻazodagi urush tugashi kerak. Biz AQSHning mustahkam tinchlik boʻyicha taklifini qoʻllab-quvvatlaymiz”, degan Fransiya rahbari.

AQSH prezidenti qarorgohi “qurshab” olindi. Prezidentning oʻzi qayerda?

Falastin tarafdori boʻlgan minglab namoyishchilar Oq uyni “qizil chiziq” bayrogʻi bilan oʻrab olishdi.

Namoyishchilarga koʻra, deyarli 3 kilometrga choʻzilgan qizil chiziqli banner urushda Isroilni qoʻllab-quvvatlagani uchun prezident Jo Baydenga atalgan. Unda Isroil kuchlari tomonidan oʻldirilgan falastinliklarning ismlari yozilgan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Isroil kuchlarining Nuseyrat qochqinlar lageridagi hujumlari oqibatida uch yuzga yaqin falastinlik halok boʻlgan.

Hozir prezident Jo Bayden AQSHda emas. U koʻplab ikki tomonlama uchrashuvlarda qatnashish, sammitlarda ishtirok etish uchun xorij safarida. Xususan, AQSH rahbari 9-13-iyul kunlari Buyuk Britaniya, Litva va Finlyandiyaga tashrif buyuradi.

Afsonaviy astronavt samolyot halokatida vafot etdi

Astronavt Bill Anders uchayotgan kichik samolyot Vashington shtatining Sietl shimolida suvga qulab tushdi.

Andersning oʻgʻli Greg otasi kichik samolyotda uchayotganini va uning jasadi juma kuni tushdan keyin topilganini tasdiqladi.

“Apollon 8” uchuvchisi boʻlgan Bill Anders koinotdan turib Yerning eng betakror tasvirlaridan biri boʻlgan “Yerning koʻtarilishi” deb nomlanuvchi suratni olgan edi. Ushbu rasm 1968-yilda tushirilgan va unda Oy yuzasi ufqdan chiqib kelish jarayoni aks etgan.

Bu surat tufayli sayyorani asrashga eʼtibor kuchayib, global tarzda har yili oʻtkaziladigan “Yer kuni” tashkil etildi.

Ilon Mask “Tesla” ixlosmandlariga noxush xabarni eʼlon qildi

AQSHning gigant kompaniyasi “Tesla” bu yil yangilangan “Model Y”ni chiqarmaydi. Bu haqda kompaniya direktori Ilon Mask maʼlum qildi.

“Bu yil hech qanday yangilangan “Model Y” chiqmaydi”, deydi Mask. Ammo shu oʻrinda “Tesla” oʻz avtomobillarini doimiy ravishda takomillashtirib borishini taʼkidladi.

“Tesla” oʻzining eski modellarini yangilashda ancha sust ishlamoqda. Bu davrda Xitoydagi raqobatchilar arzonroq modellarni taqdim etyapti.

Modellardagi bu kechikish deyarli toʻrt yil ichida birinchi marta qayd etilib, global avtomobil yetkazib berish qisqargani bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti rahbari vafot etdi

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti rahbari Kristof Deluar 53 yoshida vafot etdi.

U qamoqqa olingan jurnalistlarni ozod qilish va butun dunyo boʻylab tahdid ostida boʻlgan muxbirlarga boshpana berish boʻyicha tinimsiz saʼy-harakatlari bilan mashhur edi. Deluarning oʻlimi butun dunyo boʻylab matbuot erkinligi faollari tomonidan qaygʻu bilan qabul qilindi.

Bizni “Xalq soʻzi”ning ijtimoiy tarmoqlarida kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер