Qoʻqon shahrida II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” va Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” oʻtkaziladi

15:05 10 Avgust 2023 Jamiyat
649 0

Joriy yil 21-23-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” va Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” oʻtkaziladi.

AOKAda Respublika “Hunarmand” uyushmasi rahbari va mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida Xalqaro hunarmandchilik festivali, Xalqaro kulolchilik forumi hamda kulolchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosini oʻtkazish va unga tayyorgarlik masalalari haqida maʼlumot berildi.

II “Xalqaro hunarmandchilik festivali”ga iqtidorli hunarmandlar va isteʼdodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qoʻqonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat koʻrgazma va koʻrik-tanlov tashkil etildi.

Birinchi bosqich — tumanlar (shaharlar) boʻyicha 2023-yilning mart oyida tashkil etildi va unda ikki ming nafarga yaqin hunarmandlar ishtirok etdi.

Ikkinchi bosqich — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha 2023-yilning aprel oyida boʻlib oʻtdi va unda ming nafarga yaqin hunarmandlar ishtirok etdi.

“Hunarmand” uyushmasi tomonidan Ikkinchi “Xalqaro hunarmandchilik” festivali veb-saytini uch (oʻzbek, rus, ingliz) tillarida http://handicrafters.uz yaratildi. Veb-saytda festival, milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan hunarmandchilik mahsulotlar haqidagi maʼlumotlar joylashtirildi.

Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, koʻrik-tanlov, taqdimot va namoyishlar, koʻrgazma-savdolar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-maʼrifiy va targʻibot-tashviqot tadbirlari,Oʻzbekistonning turli hududlariga xos boʻlgan kulolchilik, maktablarining mashhur xalq amaliy sanʼati ustalari tomonidan mahorat darslari ham tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?