Qop-qop vaʼdalar qopning ichida qolmoqda

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bundan salkam uch yil muqaddam, aniqrogʻi, 2021-yilning 27-oktyabrida “Xalq soʻzi”ning elektron nashrida “Ginnes rekordlar kitobiga kirishga nomzod kutubxona yoxud qachongacha qaror faqat qogʻozda qoladi?” sarlavhali tanqidiy maqola eʼlon qilingandi. Unda Buxoro viloyati koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi Shofirkon filiali binosining abgor holati qalamga olingan.
Xoʻsh, shundan soʻng ahvol oʻzgardimi? Kutubxonachi-yu oʻnlab koʻzi ojiz kitobxonlarning keng va yorugʻ, zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan kutubxonaga ega boʻlish orzu-umidlari ushaldimi?
— Afsuski, yoʻq, — deydi viloyat koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasi rahbari Aʼzam Oʻroqov. — Biz tomonimizdan ajratilgan javonlarni va joriy taʼmirlash ishlarini aytmaganda, bu filialdagi ahvol eng ogʻriqli nuqtalarimizdan biri boʻlib turibdi.
Aʼzam akaning kuyinganicha bor. Filial joylashgan bino (aslida uni bino degani til bormaydi) bundan 77-yil avval xom gʻisht yaʼni guvaladan qurilgan. U uzoq yillar oʻrmon xoʻjaligi uchun boshpana vazifasini oʻtagan. Orqa tomonga oʻtilsa, shoʻrlik binoning adoyi tamom boʻlganini koʻrish mumkin. Hatto unga tirgak vazifasini oʻtayotgan devorlarning ham holi tang. Poydevorga darz ketgan. Oʻquv zali vazifasini oʻtayotgan xona tor. Besh kishi kirsa, oltinchisi koridorda turib qoladi. Adabiyotlar saqlanadigan xonani koʻrib “Biz qaysi asrda yashayapmiz?” deya yoqa ushlashingiz tayin. Negaki, xona poli sinib, oʻra hosil boʻlgan. Aytmoqchi, biz viloyat va tuman masʼullariga tomining yorilgan bir chekkasidan quyosh nuri tushadigan, yogʻin-sochinli kunlarda chakki oʻtadigan bu antiqa xonadagi manzaradan bahramand boʻlishni tavsiya etardik.
— Fondimizda 8884 ta adabiyot mavjud, — deydi filial mudirasi vazifasini bajaruvchi Komila Sunnatova. — Ularni asrab-avaylash biz uchun eng katta muammo sanaladi. Aslida boʻrtma nuqtalisini olasizmi, yassi adabiyotlarnimi, barchasini saqlashning oʻz tartib-qoidalari bor. Men bu oʻrinda xonadagi namlik, yorugʻlik darajasi, haroratni nazarda tutayapman. Havo tozalagich va boshqa jihozlar talab etiladi. Ammo koʻrib turganingizdek, binomizning oʻzi yaroqsiz ahvolda. Mana bu xonaga kirgani hatto yuragimiz betlamaydi. Tomi oʻpirilib ketishidan xavotirdamiz.
— Yogʻin-sochinli kunlarda chakki oʻtadi, — deya suhbatga qoʻshiladi kutubxonachi Oydin Aslonova. — Shunday paytlarda togʻora qoʻyib, polietilen qogʻoz toʻshab adabiyotlarni asrash payida boʻlamiz.
Biz bu kutubxonaga uzoq yillardan buyon qatnab kitobxonlik qilayotganlarning bir guruhini koʻzi ojizlar tuman oʻquv ishlab chiqarish korxonasida uchratdik.
— Bu yerda mehnat qilayapmiz. Roʻzgʻorimizga ham, jamiyatimizga ham nafimiz tegayapti, — deydi oʻzini Shoira Yahyoyeva deya tanishtirgan ishchilardan biri. — Boʻsh paytimizda albatta, kutubxonaga boramiz. Men uchun u qadrdon maskan boʻlib qolgan. Ammo binosi juda eski. Kutubxona degani iymanasan, kishi.
— Kutubxona bilan bir binoda koʻzi ojizlar maxsus madaniyat markazi faoliyat koʻrsatadi, — deydi yana bir suhbatdoshimiz Hilola Istamova. — “Eng yaxshi kitobxon”, “Iqbol” koʻrik-tanlovlarida qatnashamiz. Shaxmat, shashka toʻgaragi bor. Hozir monomarkaz vositachiligida brayl yozuvini oʻrganayapmiz. Lekin kutubxonada ham, klubda ham mashgʻulotlarni risoladagidek oʻtkazish uchun shu kun talabiga javob beradigan sharoit yoʻq. Tomdan chakki oʻtib, kitoblar ivib qolganiga shohidman.
Bu gaplarga qoʻshimcha tarzda aytish lozimki, kutubxona binosi qishda isitilmaydi. Kutubxonachilar uylaridan oʻtin olib kelishadi. Uni yoqib, qoʻlbola pechda jon saqlashadi.
— Yaqinda koʻzi ojizlar oʻquv ishlab chiqarish korxonasi yangi binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, — deydi keksa kitobxonlardan biri Ixtiyor Usmonov. — Shunda men davlatimiz tomonidan nogironligi boʻlgan insonlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikdan minnatdor ekanimizni bildirib, tadbirga tashrif buyurgan viloyat hokimi eʼtiborini kutubxona va klub masalasiga qaratdim. Endi ahvol yaxshi tomonga oʻzgarishidan umidvormiz. Negaki, yoshlarimizning dunyoqarashlarini, tafakkurlarini boyitishda kutubxonaning oʻrni katta. Biz ham nevaralarimizning keng va yorugʻ, shinam kutubxonada kitob mutolaa qilishlarini istaymiz, albatta.
Sirasini aytganda, bunga qadar ham ziyo maskani binosining abgorligi haqida masʼullarga koʻplab murojaatlar qilingandi. Ammo ular suvga tushgan toshdek izsiz ketdi. Bu orada tumanda necha bor rahbar oʻzgardi. Qop – qop vaʼdalar berildi. Lekin koʻzi ojizlar tuman kutubxonasidagi ahvol oʻzgarmadi.
Nima boʻlganida ham bir achchiq haqiqat bor: koʻzi ojiz insonlar televizor koʻrish, teatr tomosha qilish, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borish imkoniyatidan mosuvo. Kitob – ularning yupanchi, tayanchi, eng yaqin doʻsti. Shu boisdan ham respublika Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018-yilning 18-sentyabrida “Nogironligi boʻlgan shaxslarga axborot – kutubxona xizmati koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Hamma gap shu qaror ijrosini bekam-u koʻst bajarishda.
Qiziq, qaror ijrosi uchun masʼullar Shofirkondagi bu noxush holatga nima deyisharkan?!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring