Shavkat Mirziyoyev Birlashgan kurash dunyosi rahbarini mukofotladi

21:16 13 Oktyabr 2025 Siyosat
155 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan kurash dunyosi rahbari Nenad Lalovichni qabul qildi.

Ushbu nufuzli global tuzilma bilan O‘zbekistonda sportning yakkakurash turlarini tashkiliy-ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlash va yanada ommalashtirish sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda an’anaviy tarzda yunon-rum kurashi, erkin kurash, ayollar kurashi, shuningdek, aralash jang san’atlari faol rivojlanmoqda.

Keyingi yillarda yakkakurashchilarimiz nufuzli musobaqalarda 45 ta yuksak sovrinni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatida oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Muzokaralar chog‘ida xalqaro birlashma rahbari Yangi O‘zbekistonda ommaviy sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, jumladan, hammabop va zamonaviy infratuzilmani kengaytirish, nufuzli turnir va musobaqalarni muntazam o‘tkazish orqali yoshlarni sport harakatiga keng jalb etish borasidagi ishlarni yuqori baholadi.

Mamlakatimizda yirik qit’a va jahon chempionatlarini tashkil etish, tashkilot shafeligida Mintaqaviy kurash akademiyasini ta’sis etish, sport tibbiyoti, diyetologiyasi, psixologiyasi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda sheriklik masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz bolalar va yoshlar o‘rtasida sport yakkakurashlarini ommalashtirish, iqtidorlarni saralash va tayyorlashning zamonaviy usullarini joriy etish, mahallalardagi to‘garak va zallardan tortib sport mahorati maktablari va ixtisoslashgan majmualargacha bo‘lgan infratuzilmani takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. Bu chora-tadbirlar, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Olimpiya o‘yinlari va boshqa yirik musobaqalarda yangi muvaffaqiyatlarga olib kelishi kerak.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti ommaviy sport va yakkakurash turlarini rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun Nenad Lalovichga davlatimizning yuksak mukofoti - "Do‘stlik" ordenini topshirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?