Qonunchilikda oʻzgarish: Endi ish beruvchi profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan xodimni ishga qoʻymaslikka haqli boʻlishi mumkin

15:38 26 Iyul 2021 Jamiyat
3631 0

Ijtimoiy immunitetni tashkil etish maqsadida aholini vaksinatsiya qilish ishlarini jadallashtirish taklifidan kelib chiqib tegishli qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Bu haqda “Milliy tiklanish” partiyasi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, fraksiya yigʻilishida deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.

Qonun loyihasida “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonun 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish joriy etilishi mumkinligi toʻgʻrisida aniq norma kiritilmoqda. Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli ekanligi koʻzda tutilmoqda.

«Buning natijasida koronavirus infeksiyasining yangi toʻlqinlari oldini olish uchun aholi oʻrtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yana-da mustahkamlanadi. Yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda profilaktik emlash oʻtkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.

Bugun bu ofatdan himoyalanishning yagona yoʻli emlanish ekani eʼtirof etilayotgan boʻlsada, fuqarolarning vaksinalarga boʻlgan ishonchsizligi oqibatida emlashdan faqat 1 mln. 27 ming kishi oʻtgan, xolos. Bu 18 yoshdan oshgan aholining 4,8 foizini tashkil qilmoqda. Jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun esa aholining 60-80 foizi emlanishi talab etiladi.

Xitoyda vaksinalarga boʻlgan ishonch 90 foiz, Braziliyada 80, Hindiston, Indoneziya va Tailandda 70, Turkiya va Meksikada esa 60 foizni tashkil etmoqda. Fransiya, Gretsiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa davlatlarda majburiy vaksinatsiya amaliyoti joriy etilgan.

Deputatlar ushbu qonun loyihasining ayni kundagi ahamiyatini hamda kasallikning yuqumlilik koʻlami oshib borayotganligini eʼtiborga olib, qonun loyihasini birinchi oʻqishda konseptual jihatdan maʼqulladilar», deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер