Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbarining vakolatlari alohida moddada aniq belgilanmoqda

13:57 14 Noyabr 2023 Siyosat
129 0

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan mutlaq vakolatlari hamda parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, qonunchilik takliflarini ilgari surish va qonunlarni qabul qilishning yangi tartibini amaldagi qonunchilikda belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi bilan Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbarining vakolatlari alohida moddada aniq belgilanmoqda. Parlament tekshiruvini Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda. Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga Hukumat aʼzolarining hisobotlari va davlat organlari rahbarlarining axborotini eshitish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilmoqda.

Majlisda taʼkidlanganidek, qonun loyihasini yanada takomiliga yetkazish maqsadida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Mazkur jarayonda qonun loyihasi yuzasidan 400 ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushdi. Masʼul qoʻmita tomonidan kelib tushgan har bir taklif chuqur tahlil qilindi.

Shuningdek, qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida bir necha marotaba masʼul qoʻmitaning yigʻilishlari oʻtkazilib, ularda ilmiy xodimlar va ekspertlar tomonidan ilmiy asoslantirilgan, aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Asosli deb topilgan takliflar qonun loyihasida oʻz aksini topdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsimizda ilgaridan farqli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokurori faqatgina oʻz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi belgilangan. Biroq ushbu talab bajarilmaganda qonun loyihasining taqdiri ochiq qolgan edi.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan ayrim subyektlar tomonidan vakolati jumlasiga kiritilmagan masalalar boʻyicha qonun loyihasi kiritilganda ularni tashabbuskor subyektga qaytarish taklif etilmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yoʻlga qoʻyilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер