Qonun teng saylov huquqi kafolatlarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi

17:50 28 Avgust 2024 Siyosat
289 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni muhokama qilindi.

Mazkur Qonun har bir fuqaroning teng saylov huquqlari kafolatlarini mustahkamlash, “oilaviy” ovoz berish holatlarining oldini olish va saylov kampaniyalarida moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini taʼminlashga qaratilganligi qayd etildi.

Qonun orqali O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga saylov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim tuzatishlar kiritilmoqda.

Xususan, saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonun saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan moliyaviy hisobotlarni taqdim etish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi oraliq yoki yakuniy hisobotni ciyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud hisobotda bila turib noto‘g‘ri maʼlumotlarni taqdim etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Senatorlar tomonidan ushbu Qonun har bir fuqaroning teng saylov huquqi kafolatlarini yana-da mustahkamlashga, saylov kampaniyasi vaqtida foydalanilgan Davlat byudjeti mablag‘lari to‘g‘risida tezkor va ishonchli axborot taqdim etishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga, siyosiy partiyalarning Davlat byudjeti mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha moliyaviy hisobdorlik masʼuliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер