Oʻzlikni anglash saodati

“Xalq soʻzi” gazetasining shu yil 18-sentyabr sonida siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor...” sarlavhali tahliliy maqolasi eʼlon qilindi.
Har qanday odamni chuqur mulohazaga undaydigan ushbu maqolada milliy oʻziga xoslik, tarixga munosabat, xalqning oʻz oʻtmishini qadrlash ehtiyoji, bugungi davlat siyosatining mohiyati, Prezident faoliyati va ichki dunyosi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bilan bogʻliq gʻoyalar juda taʼsirchan, shu bilan birga, samimiy tarzda bayon etilgan.
Chuqur maʼnaviy, siyosiy hamda falsafiy mazmunga ega, teran tarixiy mulohazalarga boy, haqiqiy intellektual tahlil namunalaridan biri boʻlgan ushbu maqola keng jamoatchilik tomonidan oʻqilmoqda, shu bilan birga, eʼtirof ham etilmoqda.
Tarixini bilgan — magʻrur, bilmagan — mazlum
Buyuk ajdodlarimiz, donishmand ota-bobolar tarixni ulugʻ murabbiyga qiyoslashi bejiz emas. Darhaqiqat, moziydan saboqlar har bir xalq, millat uchun tiniq koʻzgu tutadi. Oʻtmish xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarish va ertangi kun istiqboli uchun dadil qadam tashlashga undaydi.
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Alamim bor...” sarlavhali maqolasida keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va ezgu gʻoyalari asosida tarix hamda bugungi kun oʻrtasidagi uzviy rishtalarni mustahkamlashga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar aniq hayotiy misollar orqali chuqur tahlil qilingan. Vatan ravnaq-rivoji, millat orzusi, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrni, mavqeini baland koʻtarishga qaratilgan hayotbaxsh islohotlarning asl oʻzagi hamda mohiyati aniq hayotiy misollar yordamida koʻrsatib berilgan.
Muallifning bir qarashda jaydari, lekin samimiy falsafasi har qanday insonni chuqur mushohadaga chorlaydi. Bugungi yangilanish va oʻzgarishlar jarayonidagi masʼuliyat, daxldorlik tuygʻusini kuchaytiradi. Yurtimiz va dunyoda kechayotgan turfa jarayonlarga tiyrak nigoh bilan qarashga daʼvat qiladi.
Bunyodkorlik va yaratuvchanlik saodati
Birda bunyod etish, birda vayron qilish insoniyatga xos tushuncha. Odamzod yaralibdiki, bu kabi mafkuralar kurashi aslo tinim bilmaydi. Shu maʼnoda aytganda, bugun sayyoramizning har bir burchagi, har qarich yerida inson ong-u tafakkuri uchun keskin kurash kechayotgani ayni haqiqatdir.
Bugungi globallashuv davrida birda ochiq-oshkora yovuzlik niqobini kiygan, birda madaniy yoʻllar orqali singdirishga harakat qilinayotgan mafkuralar xuruji tobora keng quloch yozayotgani ham bor gap. Ana shunday sharoitda millat va jamiyatni mushtarak maqsad yoʻlida oʻzaro hamjihatligini taʼminlash, hamfikr va hammaslak boʻlishiga erishish har qanday davlat rahbariga ham nasib etavermaydigan baxt.
Odatda, zulmatdan keyin yorugʻ yoʻlga chiqqanda bir muddat koʻzlar bunday manzaraga koʻnikishga qiynaladi. Loy, balchiq yoʻldan katta va tekis yoʻlda yurib borar ekansiz, oyoq kiyimidagi loy yoʻlda ancha vaqtgacha oʻzining “iz”ini qoldiradi. Bu bilimsizlik, tajribasizlikdan emas. Insonning feʼli, tabiati shunaqa: u baʼzan koʻz ilgʻamas olis samolardan moʻjizalar kutadi. Ammo shundoqqina yon-atrofida sodir boʻlayotgan tarixiy jarayonlar, evrilishlarni oʻz vaqtida payqay olmasligi mumkin.
Maqolada juda ham oʻrinli eʼtirof etilganidek, “Shavkat Mirziyoyev fenomenidagi “oʻzga”lik shundaki, u ichidagi orzu-armoni, oʻz xalqi, Vataniga boʻlgan yoniq muhabbatini namoyishkorona ifoda etmadi. Pisanda qilganlar, turli darajadagi kinoya-yu qochirimlardan balandroq turdi. Ammo uning faoliyatini jiddiy kuzatgan kishi Prezident siyratidagi asl manzarani, otashin Qoyani ilgʻashi mumkin”.
Bu esa bunyodkorlik va yaratuvchanlikning ulugʻ saodati bilan yoʻgʻrilgan ezgu gʻoyadir. Unda xalqimizning eng nekbin orzu-maqsadlari, fazilatlari va ertangi kunga yuksak ishonchi, intilishi mujassam. Bunday gʻoyalarni bunyodkor va buyuk el umidi, qaygʻusidan kuch-quvvat oladigan, nafaqat koʻhna tarix, buyuk ajdodlar hurmatini joyiga qoʻyadigan, bugungi kun fidoyilarini boshi uzra baland koʻtaradigan davlat rahbari amalga oshiradi.
Bunisi endi — faxr. Bunisi endi — gʻurur. Faqat ushbu jarayonda shunchaki tomoshabin boʻlib turish emas, davlat rahbariga baqamti boʻlib, unga qanot baxsh etish, faollik va fidoyilik koʻrsatish juda ham muhimdir.
Moziydan taralgan nur
Dunyoda har bir xalq oʻz tarixini avaylab asraydi, bu tabarruk merosdan kelajak sari ildam odimlamoq uchun kuch-quvvat oladi. Zero, tarix — buyuk murabbiy, inson maʼnaviyati, ruhiyati va fikrini tarbiyalaydi, tafakkuri uchun beqiyos tasavvur beradi, oʻtgan buyuk siymolarning hayot yoʻli va ilmiy-maʼrifiy, amaliy faoliyatidan xabardor etadi.
Donishmandlarimiz taʼbiri bilan aytganda, quyosh butun olamni munavvar qilsa, moziydan taralgan nur bugun va kelajakni nurafshon etadi. Buni shunchaki ramziy oʻxshatish sifatida ham qabul qilish mumkin. Lekin bu oʻxshatish zamirida olam-olam maʼno bor.
Tarix soʻqmoqlaridan mardonavor oʻtib kelayotgan xalqimizning birda shodumon, birda qaygʻuli kechmishi bisyor. Keling, shu oʻrinda maqoladagi yana bir kuyunchak fikrga eʼtibor qaratamiz: “Tan olish kerak, bizda tarixga nazar turli davrlarda turlicha boʻlgan. Shunday vaqtlar boʻldiki, baʼzan uning itoatkor quliga aylandik. Baʼzan esa undan faxrlanish bilangina oʻzimizni ovuntirdik. Bilgunimizcha toʻqib-bichdik, qoʻlga qaychi olib, istagimizga mosladik”.
Maqolada eʼtirof etilishicha, buyuk ajdodlarning muqaddas xotirasi, millatning, Vatanning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish, toptalgan, baʼzan oyoq osti qilingan shon-u shavkatini ulugʻlash Prezident Shavkat Mirziyoyev mafkuraviy siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilangan.
Xususan, davlatimiz rahbari oʻz faoliyatining dastlabki yillaridayoq uchinchi Renessans gʻoyasini ilgari surdi. Bu dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan va birinchi, ikkinchi Renessans poydevorini yaratgan ulugʻ ajdodlarimizga hurmatning yorqin namunasidir.
Maqola mavzusiga asosiy gʻoya boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini qurish tashabbusi ham Prezidentimiz tomonidan 2017-yili koʻtarilgan edi. Oʻtgan davrda ushbu tashabbus real hayotiy voqelikka aylanib, mamlakatimiz poytaxtidagi Hazrati Imom majmuasi hududida 10 gektar maydonda muhtasham markaz qad rostladi. Uning qurilishida koʻhna Sharq, milliy meʼmorchilik anʼanalari hamda zamonaviy shaharsozlik arxitekturasining eng ilgʻor yutuqlari umumlashtirildi.
Muazzam majmuada dunyoning 100 dan ortiq ilmiy institutlari, muzey va kutubxonalari filiallari ochilishi koʻzda tutilayotgani barchamizni behad mamnun etadi. Ayni paytda jahonga sochilib ketgan yuzlab tarixiy-madaniy merosimiz namunalari, asl nusxalari qaytarilayotgani esa eʼtiborga molik.
Maqolada davlatimiz rahbarining shu yil mustaqillik bayrami arafasidagi faollar bilan boʻlgan uchrashuvdagi nutqidan keltirilgan iqtibosga eʼtibor qaratamiz: “...Nima uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini qildik? Millatimizning shon-u shavkatini tarixga muhrlab qoʻyish uchun. Bu yerga kirgan odam chiqqandan keyin bu millatga taʼzim qilishi uchun qildik buni... ”
Vatanga sadoqat tuygʻusi
Shubhasiz, oʻzlikni, Vatanni anglash tiriklik dunyosidagi eng qutlugʻ saodatdir. Vatan tuygʻusi qalbimiz tub-tubidagi buloqlar koʻzini ochib yuboradi. Tomirimizdagi ajdodlar qonini joʻshtiradi. Oʻtmish, bugun va kelajak haqidagi tasavvurlarimizni gʻoyatda kengaytiradi.
Aynan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi timsolida buni yaqqol anglab yetish, his qilish imkoni bor. Bunyodkor el — buyuk el. Tarixning yorqin solnomasi boʻlib xizmat qiluvchi bu kabi ulkan va salobatli koshonalarni faqat ezgu fazilatlar sohibi boʻlgan xalq bunyod etadi. Oʻzbek xalqi ana shunday xislatlar sohibi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Bundan koʻrinadiki, maqolada davlat rahbarining ayni shu fazilatiga nihoyatda oʻrinli taʼrif berilgan: Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan gʻoya global, umuminsoniy ahamiyati bilan nihoyatda noyobdir. Markazga jahonning yuzlab nufuzli olimlari tashrif buyurib, bu yerda ijodiy va ilmiy faoliyat olib borishi buyuk kashfiyotlar, ulkan yutuqlarga poydevor boʻladi. Oʻz vaqtida birgina Maʼmun akademiyasida erishilgan tarixiy yutuqlar bunga yaqqol misol boʻlishi mumkin.
Shaharlarda oʻtmish bilan bugungi kun, zamon nafasi hamohang yashaydi, deydi donishmandlar. Buni keyingi yillarda yangicha qiyofada namoyon boʻlayotgan mamlakatimizning bosh kenti — Toshkent, poytaxtning dur-u marvaridi boʻlgan — eski shahar misolida koʻrsa boʻladi. Bir paytning oʻzida milliy qadriyatlarga mos sharqona latofati, shu bilan birga, zamonaviy taraqqiyot mezonlariga monand yuksalayotgan eski shahar xalqimizning barcha orzu-istaklarini oʻzida toʻliq mujassam etgan.
Umuman olganda, Toshkent keyingi yillarda “Sharq darvozasi” degan maqomga har jihatdan munosib boʻlib bormoqda. Ana shunday tarixiy jarayonning guvohi va ishtirokchisi, faoli, fidoyisi boʻlish bugungi avlodlarga nasib etayotgani ulkan baxtdir.
Maqolani oʻqish asnosida xayoldan oʻtgan, qalbni uygʻotgan va yanada sergaklantirgan tuygʻular bir olam. Bundan kelib chiqadigan birinchi xulosa shuki, bugun biz Shavkat Mirziyoyevning millatga, Vatanga boʻlgan cheksiz muhabbati, oʻz ona xalqi oldidagi farzandlik burchiga boʻlgan sadoqatini kechagi kun xatolari, xalqning dilidagi anduhlarni yuvib ketadigan tolening bir inoyatidek qabul qilsak adolatdan boʻladi, albatta.
Shavkat AYUPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Prezidenti,
Oʻzbekiston Qahramoni.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring