Qoʻmita majlisida bir qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi

17:41 19 Sentyabr 2025 Siyosat
95 0

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator muhim qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda dastlab “Pirotexnika buyumlarining muomalasi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Ushbu Qonun aholining xavfsizligini taʼminlash, pirotexnika vositalarining noqonuniy ishlab chiqarilishi va tarqalishiga chek qoʻyish, ularning muomalasini qatʼiy nazoratga olishga qaratilgan.

Soʻnggi yillarda pirotexnika vositalaridan noqonuniy foydalanish hollari ortib borayotgani, natijada fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga jiddiy xavf tugʻilayotgani taʼkidlandi.

Statistika maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda 1 997 nafar, 2023-yilda 1 342 nafar, 2024-yilda esa 2 891 nafar shaxs pirotexnika vositalari noqonuniy muomalasi bilan shugʻullangani uchun javobgarlikka tortilgan. Ayniqsa, bayram kunlari yosh bolalar orasida jarohatlanish holatlari koʻpaygan.

Shu bois pirotexnika vositalarining erkin va cheklangan muomalasini qonun darajasida belgilash va javobgarlik choralarini kuchaytirish oʻta dolzarb vazifaga aylanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi esa mamlakatimizga pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish sohasida samarali davlat nazoratini oʻrnatish, ular noqonuniy aylanishining oldini olish, shuningdek, isteʼmolchilarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, kun tartibidagi ikkinchi masala — “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham koʻrib chiqildi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, yoʻl-transport hodisalarini kamaytirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgan boʻlsa-da, ayrim huquqiy normalar samaradorligini oshirish zarurati mavjud.

Qayd etish lozimki, haydovchilarga 2024-yilda sodir etilgan qoidabuzarligi uchun rasmiylashtirilgan qaror serverdagi nosozliklar sababli oradan 11 oy oʻtib yuborilganligi aholi orasida haqli eʼtirozlarga sabab boʻldi.

Amaldagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 36-moddasida maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkinligi belgilangan.

Qonunda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha jarima qoʻllash muddatlari bir oy bilan cheklanmoqda. Shuningdek, yoʻl harakati qoidalarining kam ahamiyatli buzilishi uchun maʼmuriy ogohlantirish chorasi joriy etilmoqda.

Majlis davomida “Ayrim qonun hujjatlariga valyuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bogʻliq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda valyuta sohasini takomillashtirishga, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohada ayrim huquqiy boʻshliqlar va amaliy muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Qonun bilan ularni bartaraf etish, noqonuniy muomala holatlariga chek qoʻyish, jinoiy javobgarlik choralarini aniq belgilash koʻzda tutilgan.

Muhokama yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер