“Qoʻlim va oyogʻim boʻlmasa ham, vujudim, qalbim, aqlim salomat-ku!” — ”Jasorat" medalini olgan usta haqida hikoya
Dilmurod Jabborov Piskent tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida istiqomat qiladi. Tugʻma 1-guruh nogironi boʻlgan Dilmurod hozir 37 yoshda. Jismoniy imkoniyatlardan cheklangan boʻlsa-da, gʻayrati, jasorati, irodasi, ertangi kunga boʻlgan umid va ishonchi ayrim, toʻrt muchasi sogʻ insonlardan-da kuchli. Shu tufayli mahallada, tumanda hamma uning turmush tarziga havas qiladi. Sababi Dilmurod ertayu kech Yaratganga shukronalar aytib yashaydi. Ikki qoʻli nogiron boʻlsa-da, qoʻli butun odamlardan ortiqroq mehnat qilib halol rizq topadi. Kuni kecha uning hayotida eng quvonchli voqea yuz berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Jabborov Dilmurod Abduqayumovich “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
—Oʻgʻlim tugʻilganida shifokorlar “U bari bir uzoq yashamaydi, oʻzingizni qiynamang, vaqtida voz keching...” deyishgandi. Qaysi ona farzandi haqidagi bunday hukmga koʻnadi!? — deb hikoya qiladi Mehri Jabborova. —Oʻn yillar davomida farzandim dardiga davo izlab poytaxt shifoxonalarida yurganmiz. Oyoq-qoʻli ishlamasa ham, juda aqlli bola edi. Ulgʻayib, ancha aqli kirgan vaqti boʻlsa kerak, bir kuni “Oyijon, meni deb yigʻlamang, hali koʻrasiz, baʼzi sogʻlom odamlardan koʻra yaxshiroq inson boʻlaman” dedi. Shundan keyin uning oldida oʻzimni tutadigan, orzulariga yetishiga koʻmaklashadigan boʻldim. 10-11 yoshlarida qoʻlini yaxshi ishlata olmagani uchun tishlari bilan har xil oʻyinchoqlarni buzib, keyin qayta yigʻishga urinar, buni koʻrib, chetga oʻtib yigʻlab olardim. Lekin oʻgʻlim biz kattalardan koʻra irodaliroq boʻlib ulgʻaydi. Qiynalsa-da, tishi bilan tirmashib, ogʻzida otvyortka bilan buzilgan televizor, radiopriyomniklarni ochib, ichini oʻrganib, mustaqil tuzatishga harakat qilar edi. Mana, hozir qishloqning oldi ustasi! Daromadi yaxshi, hatto kreditga ukasiga «Damas» avtomashinasi olib berdi.
Dilmurod biz bilan suhbatlashib tursa-da, bir daqiqa tinim bilmasdi. Kimningdir buzilgan telefonini ochib, tuzatib qoʻydi. Hatto smartfonning singan oynasini yangilab, laminatsiya plyonka ham qopladi.
—Bu kasbni internet orqali mustaqil oʻrganganman, — deydi u. — Robbimga shukr! Meni yolgʻiz tashlab qoʻymadi! Risqimga kengchilik berdi. Yaqinda “Saxovat va koʻmak” harakatidan “Sizga yordam puli beraylik”, —deb kelishda. Ulardan qattiq ranjidim. Qoʻlim va oyogʻim boʻlmasa ham, vujudim, qalbim, aqlim salomat-ku!
Mahalla faollarining aytishicha, odamlar idoraga moddiy yordam soʻrab murojaat qilib yursa, Dilmurod halol mehnat bilan topgan daromadidan ehtiyojmandlarga, masjidga tinimsiz xayriya qiladi. Hattoki bu yilgi muborak Ramazon oyi arafasida oʻzi kompyuterda taqvim tayyorlab, 300 dan ortiq mahalladoshlariga bepul tarqatibdi.
—Pandemiya cheklovlari paytida tumanimiz hududidagi doʻkonlar, internet kafelar yopildi, — deydi qahramonimiz. — Bunday holatda odamlar taqvim izlab sarson boʻlmasin degan ilinjda bu ishga qoʻl urdim. Hammasi xayriya uchun edi. Bugun ertayu kech bir maqsad — ustaxonamni kengaytirish, shogirdlarim safini koʻpaytirish, yoshlarni ish bilan taʼminlash haqida oʻylayman.
Shu oʻksik qalbimda ota-onamga, mahallamga, Vatanimga, odamlarga muhabbatim doimo cheksiz boʻlgan. Bugungi mukofot butun vujudimni shodlikka toʻldirdi. Atrofimdagi odamlarni doim qadrlashga oʻrganganman. Ularga doimo mehr koʻrsatdim va mehr topdim! Ana shunday insonlar yashaydigan jonajon Oʻzbekistonim doim gullab yashnasin, barqaror boʻlsin!
—Mahallamizdagi oʻn nafar bolalarni tekinga ustachilikka oʻrgatyapti, — deydi Mehri Jabborova. — Hatto bayramlarda shogirdlarining uylariga sovgʻa-salom ulashadi.
— Oyoq-qoʻli butun, norgʻul tengdoshlari eshikdan qarz soʻrab kirishsa, Dilmurodim ularga yordam sifatida pul berib yuboradi. Nega bunday qilasan oʻgʻlim, oʻzi ishlasin, desam, «Oyijon, meni Allohim shunga qodir qilib qoʻyibdi-ku, shunisiga shukr!» deydi, — deya koʻzlariga yosh oladi onaizor.
Shodiyor MUTAHAROV
(Xalq soʻzi),
Manzura Rustamova,
Piskent tumani hokimligi
axborot xizmati rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring