Qishlogʻini kitobxon qilgan yigit

13:14 26 Mart 2025 Jamiyat
200 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Shahrisabz tumanining Sarchashma qishlogʻi Hisor togʻ tizmalari bagʻrida joylashgan. Hududning tabiati qanchalik goʻzal boʻlsa, u yerga borish ham shunchalik qiyin. Buning uchun togʻ soʻqmoqlari boʻylab mashinada ancha mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtish kerak.

2020-yilning fevralida viloyat rahbari boshchiligidagi masʼullar shu togʻli qishloqqa borib, u yerdagi muammolarga yechim izlashgan edi. Mahalla yoshlarining talabiga koʻra qishloqqa maxsus konteyner olib borilib, unda moʻjaz kutubxona tashkil etildi. Kutubxonaga 200 dan ortiq badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar sovgʻa qilindi.

Toʻgʻrisi, avval ham viloyatning turli hududlarida bu kabi oʻnlab loyihalar amalga oshirilgan. Biroq ularning aksariyati kutilgan samarani bermagandi. Shu bois olis togʻ qishlogʻida tashkil etilgan “konteyner kutubxona”ning kelajagiga ham koʻpchilikning ishonmagani bor gap. Boshqa hududlardan farqli ravishda Sarchashmadagi moʻjaz kutubxonada ishlar tezda jonlandi. Bu muvaffaqiyatning asosi avvalo, shu yerlik fidoyi yoshlardan biri, oʻzi ham kitobxon yigit Yarash Joʻrayevning faoliyati bilan bevosita bogʻliq.

Avval mahalla fuqarolar yigʻinida koʻchaboshi boʻlib ishlab kelayotgan Yarash Joʻrayev qishloqda yangi kutubxona tashkil etilgach Shahrisabz tuman axborot-kutubxona markazining Sarchashma boʻlimi kutubxonachisi etib tayinlandi.

— Bu vaqtda koʻchma kutubxonadagi kitoblar soni atigi 248 dona edi, — deydi u. — Shu bois ish boshlagan ilk kunlarimdanoq birinchi galda kitoblar fondini boyitishga harakat qildim. Bu ishga koʻplab mahalladoshlarimiz oʻz hissasini qoʻshdi. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizdagi turli nashriyotlar, olimlar, shoir va yozuvchilar bilan bogʻlanib, koʻmak soʻray boshladim. Ular bundan mamnun boʻlib, bajonidil qoʻllab-quvvatladi. Kutubxonamizga shaxsan oʻzi kelib, kitoblaridan sovgʻa qilib ketgan ziyolilar, ijodkorlar ham, pochta orqali kitob joʻnatganlar ham koʻp boʻldi. Xullas, ayni paytga qadar faqat ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda kitoblar sonini toʻrt mingdan oshirishga erishdik. Uni boyitishda davom etyapmiz.

Ixcham kutubxonadagi javonlarga nazar tashlaymiz. Ularda uncha-muncha tuman markazlaridan topish imkoni boʻlmagan asarlar ham, yaqindagina nashrdan chiqqan kitoblar ham bor. Buni koʻrib kutubxonachi yigitning chindanda tashabbuskorligi, faolligi, qishloqdoshlarini eng yangi va yaxshi asarlardan bahramand etish uchun astoydil jon koyitayotganiga yana bir bora amin boʻldik.

— Yarash Joʻrayevni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boraman, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Shahrisabz tuman boʻlinmasi rahbari Shahlo Togʻayeva. — Bu yigitning kitoblarni qanchalik sevishi va qadrlashiga, oʻz ishiga boʻlgan sadoqati, fidoyiligiga doim qoyil qolaman. Hatto qaysi nashriyotda qaysi kitob chop etishga tayyorlanayotganidan ham xabardor. Uni birinchi boʻlib oʻz kutubxonasiga olib kelishga, qishloqdoshlarini undan bahramand etishga harakat qiladi. Bu kutubxona bilan tashkilotimiz oʻrtasida ham doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Turli tadbirlar doirasida koʻp bora kitoblar keltirib, kutubxona fondining boyishiga harakat qilamiz.

Yarash Joʻrayevning kutubxonani boyitishga astoydil bel bogʻlagani bejiz emas. Chunki qishloqdoshlari juda kitobxon. Kutubxona doimo oʻquvchilar bilan gavjum. Kelayotgan har bir yangi kitob darhol qoʻldan-qoʻlga oʻtib oʻqiladi. Umumiy aholisi atigi besh ming nafardan oshadigan chekka togʻ qishlogʻidan shu vaqtga qadar ikki nafar professor, oʻndan ortiq fan nomzodi, shuningdek, yana oʻnlab respublika doirasidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan masʼul rahbarlar yetishib chiqqanining boisi ham sarchashmaliklarning kitobga, ilmga oshnoligidadir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер