Qirgʻizistonlik bokschiga sekundantlik qilgan yurtdoshimiz “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlandi
Parijdagi Olimpiya oʻyinlarida qirgʻizistonlik bokschiga sekundantlik qilgan oʻzbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov Qirgʻiz Respublikasining xalqaro jamoat birlashmasi tomonidan “Chingiz Aytmatov” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda “24.kg” nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumi” xalqaro jamoat birlashmasi oʻzbekistonlik murabbiyni insoniylik, bagʻrikenglik va xalq diplomatiyasining yuksak saviyasi uchun mukofotlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilgan.
“Akmalga insoniyligi hamda birodarlik munosabati uchun rahmat. Biz buni qadrlaymiz, hurmat qilamiz va qoyil qolamiz. Mamlakatimizga kelishingizni intiqlik bilan kutamiz. Siz barcha maqtov va mukofotlarga loyiqsiz”, degan xalqaro jamoat birlashmasi bosh kotibi Assol Moldokmatova.
Eslatib oʻtamiz, Parijda oʻtayotgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida 4-avgustga oʻtar kechasi qirgʻizistonlik bokschi Munarbek Seyitbek oʻgʻli amerikalik Harvey Jahmalga qarshi chorak final jangini oʻtkazib, yarim finalga chiqqandi. Jang davomida unga Oʻzbekiston delegatsiyasidan borgan murabbiy Akmal Hasanov sekundantlik qilgan.
Qayd etish kerakki, yarim finalda Munarbek bolgariyalik Xaviyer Ibanez Diazga qarshi ringga koʻtariladi. Ayni vazn toifasidagi ikkinchi yarim finalda oʻzbekistonlik Abdulmalik Halakov ham jang qiladi.
Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Qirgʻiziston bokschilari 1996-yildan buyon Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etib kelishadi. Munarbek Seyitbek oʻgʻligacha qirgʻiz bokschilar orasidagi eng yaxshi natija “Sidney-2000” Olimpiadasida 8-oʻrin edi.
Avvalroq, ispanlar Shaxriyor Mahkamovni Olimpiadadagi ishtirokini yakunlashiga sabab boʻlgandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring