Qirg'iziston elchisi Yangiqo'rg'ondagi qirg'iz maktabiga keldi

13:15 18 Sentyabr 2025 Jamiyat
106 0

Namangan viloyatida bo'lib o'tayotgan “Kambag'allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumida qatnashayotgan Qirg'izistonning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul CHotonov YAngiqo'rg'on tumani Nov mahallasida joylashgan 56-umumta'lim maktabiga tashrif buyurdi. 

Mahallada ayni kunda 2700 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 80 foizini qirg'izlar tashkil etadi. Ta'lim qirg'iz tilida olib boriladigan mazkur maktabda bugungi kunda 86 nafar o'quvchi ta'lim olmoqda. Qo'shni mamlakat elchisi bilim dargohida o'quvchi va o'qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, ular bilan samimiy suhbatlashdi.

— Biz azaldan qardosh xalqmiz. Bugun xalqaro forumda ishtirok etar ekanman, O'zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoevning ma'ruzasidan ta'sirlandim. Ayniqsa, mamlakatingizda bakalavriat bosqichida ta'lim olayotgan qiz-ayollar uchun qulay muddatlarga foizsiz kredit berilishi hamda ayollarning magistraturada mutlaqo bepul tahsil olishlari meni quvontirdi. Bizda bir maqol bor, yigit kishining ilmli bo'lishi o'zi uchun, ayol kishining ilmli bo'lishi esa nafaqat uning farzandlari, oilasi, balki millatning ilmli bo'lishi demakdir.  SHu nuqtai nazardan olganda bunday oqilona siyosat, albatta, kelajakda o'z mevasini beradi, — dedi uchrashuvda elchi janoblari.

Ma'lumot uchun, 56-umumta'lim maktabini 2024-2025 o'quv yilida bitirgan 4 nafar o'quvchining bari oliy ta'lim muassasalarida tahsilni  davom ettirmoqda. 2026 yilda Investisiya dasturi doirasida maktab uchun yangi, 120 o'rinli bino va sportzal qurilishi ko'zda tutilgan.

 Duyshonkul CHotonov qirg'iz o'quvchilari uchun berilayotgan e'tibordan mamnunligini va agarda o'quvchilarda xohish bo'lsa, maktabdan so'ng ta'limni Qirg'izistondagi oliy ta'lim muassasalarida davom ettirishi uchun ko'mak berishini ta'kidladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV 
«Xalq so'zi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер