Qashqadaryoning to‘rtta tumani seldan jiddiy zarar ko‘rdi
Oldin xabar berganimizdek, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida yuz bergan sel toshqinlari bir necha aholi punktlari, yo‘l va ko‘priklarga jiddiy ziyon yetkazdi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan xabar berishlaricha 13-14-15 may kunlari yoqqan uzluksiz yomg‘ir (jala) oqibatida viloyatning Kitob, Chiroqchi, Yakkabog‘ va Dehqonobod tumanlarida bir necha bor sel toshqinlari kuzatilgan.
Jumladan, 15 may kuni soat 19:40larda Kitob tumanida yoqqan kuchli yomg‘ir natijasida tumandagi “Makridsoy”, “Chillisuvsoy”, “Qarlisoy” soylari hududidagi qir-adirlardan yig‘ilgan suv sel oqimini vujudga keltirib, “Sanglaksoy” soyiga quyilgan. Natijada soyga sig‘magan suv Kitob-Makrid avtomobil yo‘liga chiqib, Makrid qishlog‘i chorrahasigacha toshib borgan.
“Jillisuv” qishlog‘ida 5 ta xonadon aholisini sel suvlaridan himoyalash uchun vaqtincha xavfsiz xonadonlarga ko‘chirilgan. Shuningdek, ushbu qishloqdagi 15 ta xonadonning molxona, hovli devorlari, yordamchi binolari, aholi tomorqalari va ekin maydonlariga talafot yetgan.
Ushbu yog‘ingarchiliklar natijasida Dehqonobod tumanidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1275 va 1298 km.lariga ko‘p miqdorda sel suvlari yig‘ilishi avtomobil yo‘lining 5 km qismini yuvib ketishiga sabab bo‘lgan. Natijada transport vositalari harakati cheklanib, bir tomonlama yo‘lga qo‘yilgan. Tumandagi “Katta va kichik O‘ra” soyidan ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari kelishi oqibatida ushbu yo‘nalishdagi jami 10ta ko‘prikdan 7tasiga turli darajada ziyon yetgan. Sel suvlari aholi yashash hududidagi 11 ta xonadonga turli darajadagi talafot yetgan. Fuqarolarning 10 dan ortiq yirik va mayda shoxli chorva mollarini oqizib ketgan.
Shuningdek, Yakkabog‘ tumanidagi “Ishkent” va “Guldara” qishloqlaridagi 4 ta temirbeton suv o‘tkazuvchi kichik ko‘priklar sel suv oqimi natijasida qisman yuvilib ketgan. Aholi o‘rtasida qurbonlar va jabrlanganlar aniqlanmagan. Tuman hokimligi, IIB va Yo‘l qurilish korxonalari xodimlari tomonidan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.
15 may kuni sodir bo‘lgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida Chiroqchi tumanining “Navro‘z”, “G‘alaba”, “Paxtakor”, “O‘zbekiston”, “Uyshin” va “Beshchashma” MFY hududlaridagi 50ga yaqin aholi xonadonlarining hovli va tomorqalariga sel suvlari kirib keldi. Ushbu sel suvlari Samarqand viloyati hududidan o‘tuvchi Eskianhor kanali bilan kesishadigan Jomsoy soyi orqali yig‘ilgan 75 m3/sek miqdordagi yomg‘ir suvi hamda Kitob tumani hududidagi yomg‘ir suvlarining Eskianhor kanalining eski o‘zaniga kelib tushishi oqibatida paydo bo‘lgan.
Viloyat favqulotda vaziyatlar boshqarmasi bilan birga ichki ishlar xodimlari, suv xo‘jaliklari va tegishli tashkilotlar hamda qishloqlar aholisi tomonidan maxsus texnika vositalari jalb etilgan holda barcha kuchlar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga qaratilmoqda. Shuningdek, tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda Kitob, Chiroqchi, Dehqonobod va Yakkabog‘ tumanlarida sel toshqinlari keltirgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Ahad Muhammadiyev.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring