Qashqadaryoda qadimiy qishloq xarobalari topildi

09:09 29 Avgust 2023 Jamiyat
306 0

Foto: Xalq soʻzi

Muborak tumanidagi Xoʻja Ravshan obidasi hududida XIII-XIV asrlarga oid qishloq xarobalari topildi.

Bu hudud Muborak gazni qayta ishlash zavodi roʻparasida, qum barxanlari bilan oʻralgan biydek dalada joylashgan. Hududdagi qadimiy qabriston esa koʻpchilik manbalarda taʼkidlangani kabi Xoʻja Ravshan emas, balki Xoʻja Rushnoiy deb atalishi maʼlum boʻldi.

Rivoyatlarga koʻra, Xoʻja Rushnoiy juvozkashlarning piri boʻlib, yogʻ ishlab chiqarish bilan shugʻullangan. Yorugʻlik, roʻshnolik, xayrli amallar timsoli sifatida qadimdan qadrlanib kelingan. Shundanmi yurtimizda Xoʻja Rushnoiy nomi bilan bogʻliq qadimiy manzilgohlar, ziyoratgohlar, maqbara va masjidlar, qishloq va mahallalar juda koʻp.

Muborakdagi qabristonning Xoʻja Rushnoiy nomi bilan atalishi ham bekorga emas. Mahalliy xalq orasida bu bilan bogʻliq turli taxminlar, rivoyatlar ham koʻp ekan. Qadimiy qishloq xarobalari esa ana shu qabristonning orqa tomonidagi hududdan topilgan. Ayni vaqtda bu yerda Samarqand arxeologiya institutining bir guruh tadqiqotchilari qazishma ishlarini olib borishmoqda.

— 1993-1995-yillarda ustozimiz Abdusobir Rayimqulov Muborak tumanidagi “Zanjirsaroy” yodgorligi hududida arxeologik qazishma ishlarini olib borgan, — deydi arxeologik ekspeditsiya rahbari, Samarqand arxeologiya instituti ikkinchi bosqich doktoranti Dilmurod Omonov. — U ana shu davr mobaynida Xoʻja Rushnoiy arxeologik yodgorligi majmuini ham koʻrib, kelgusida bu yerda qazishmalar olib borishni oʻzining ish rejasiga kiritib ketgan. Faqat joriy yilning avgust oyiga kelibgina biz bu yerda qazishma ishlarini boshladik.

Dilmurod Omonovning taʼkidlashicha, arxeologik qazishma ishlarining dastlabki qismida bu yerdan topilgan ashyolar qishloq XIII asrning oxiridan XV asrning boshlariga qadar mavjud boʻlganidan darak beradi.

— Bu topilmaning ilmiy qimmati shundaki, temuriylar davrida shaharlarda hayot qanday boʻlganini yozma manbalar orqali ham, arxeologik obidalar misolida ham bilamiz, — deydi u. — Ammo oʻsha davrda markazdan uzoq qishloqlarda madaniy hayot qanday boʻlganini tasdiqlovchi aniq manbalar yoʻq edi. Xoʻja Rushnoiy arxeologik yodgorligi esa bu borada aniq tasavvur beradi. Hozirda bu yerdagi uy-joylarning qurilishi, hunarmandchilik ustaxonalari, topilgan uy-roʻzgʻor buyumlari, ish qurollari, turli qalamdon va shunga oʻxshash topilmalar XIII – XIV asrlarda chekka qishloqlarda ham madaniy hayot gullab-yashnaganini koʻrsatmoqda.

— Hozirga qadar 3-4 ta xonadonning xarobalarini ochgan boʻlsak, ularning barchasida “dashnov”, yaʼni yuvinish xonalari mavjud, — deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Sanjar Abdurahimov. — Ushbu “dashnov”lar shunday mahorat bilan qurilganki, suv sopol quvurlar orqali tashqariga oqib chiqib ketgan.

Qazishmalar davomida, shuningdek, ikki-uch qavatli kul qatlamlari, nayza uchlari ham koʻp topilmoqda. Bu oxirgi marotaba qishloq dushmanlar tomonidan vayron etilib, yoqib yuborilgani va shu bilan bu yerda hayot toʻxtaganini koʻrsatadi.

Ayni paytda arxeologlar qazishma ishlarini davom ettirmoqda. Shundan soʻng barcha topilmalar oʻrganilib, toʻliq ilmiy xulosaga kelinadi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?