Qashqadaryoda yil oxiriga qadar ichimlik suv taʼminoti 60 foizga yetkaziladi
Foto: “Xalq soʻzi”
2016-yilda Qashqadaryo viloyatidagi 36 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlsa, ayni vaqtda bu koʻrsatkich 51,6 foizni tashkil etmoqda. Joriy yilda qurib bitkazilgan va yaqin kunlar ichida ishga tushiriladigan yangi tizimlar evaziga yil soʻngiga qadar hududdagi qariyb 60 foiz aholi markazlashgan ichimlik suviga ega boʻlishi kutilmoqda.
Bu haqda “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJda oʻtkazilgan matbuot anjumanida jamiyat direktori Bekzod Shoyimov maʼlum qildi.
— Soʻnggi yillarda viloyatda aholining toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish, shuningdek, xizmat sifatini yaxshilash borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi u. — Xususan, bugungi kunda viloyatda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda umumiy kredit qiymati 184,5 million dollarga teng 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Birinchi loyihamiz Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi va OPEK xalqaro rivojlanish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilgan boʻlib, ushbu loyihaning amalga oshishi natijasida Koson va Muborak tumanlaridagi 152 ming aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.
Ikkinchi loyihamiz Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 60 million dollar mablagʻi hisobiga amalga oshirilmoqda. Bu loyiha doirasida Qarshi shahridagi kanalizatsiya tizimi taʼmirlanib, 90 kilometr yangi tarmoqlar tortilishi va bitta oqova suv tozalash inshooti qurilishi nazarda tutilgan. Keyingi loyihamiz ham Shahrisabz va Kitob tumanlarida oqova suv tizimini yaxshilashga qaratilgan. Bu loyiha doirasida hududda 517 kilometr oqova suv tarmoqlari tortilib, ikkita oqova suv tozalash inshooti hamda 14 ta oqova suv nasos stansiyalari qurilishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari barcha tumanlarda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Bekzod Shoyimovning qoʻshimcha qilishicha, viloyatda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlarini tubdan yaxshilash uchun aholi ham toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirib borishi zarur. Biroq hozirgi kunda “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJning jismoniy va yuridik shaxslardan debidor qarzdorligi juda katta. Birgina Qarshi shahrining oʻzida bu miqdor 44 milliard soʻmdan koʻpdir.
Matbuot anjumanida shuningdek,aholidan foydalanilgan ichimlik suvi uchun toʻlovlarni undirish, noreal qarzdorliklar bilan bogʻliq muammolar haqida ham keng maʼlumot berildi.
Tadbir soʻngida OAV vakillari Qarshi shahridagi 3-balandlikka suv uzatish nasos stansiyasining joriy yilda barpo etilgan suv saqlash rezurvuari hamda dispetcherlik xonasida oʻrnatilgan zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimning ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring