Qashqadaryoda “Ethno and modern fashion week” xalqaro festivali oʻtkazildi

14:45 15 May 2023 Madaniyat
725 0

Joriy yil 11-13-may kunlari Qashqadaryo viloyatida “Ethno and modern fashion week” xalqaro festivali hamda etnosport oʻyinlari, gastronomik festival, etno va zamonaviy kiyimlar xalqaro tanlovi, milliy hunarmandchilik va zargarlik yarmarkasi tashkil etildi.

Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, tadbir, mazkur vazirlik tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad, Qashqadaryo viloyatiga xorijlik va mahalliy turistlar oqimini oshirish etnoturizm, gastroturizm va madaniy turizmni rivojlantirish, Oʻzbekiston turistik salohiyatini yanada kuchaytirishdir.

“Ethno and modern fashion week” xalqaro festivalida Angliyalik taniqli dizayner, “Omar Mansoor” brendi asoschisi Omar Mansur Sheyx, “Ladychic Paris” brendi asoschisi fransiyalik Lopez Artega, kreativ dizayner va “X8” brendi asoschisi koreyalik Li Vonkvang, shuningdek, Malayziya, Xitoy, Mongoliya, Rossiya, Qozogʻiston singari mamlakatlardan moda va dizayn namoyondalari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan, “Omar Mansoor” brendi asoschisi Omar Mansur Sheyx - “Oʻzbek milliy kiyimlari, ularning tayyorlanishidagi did va yorqinlik meni juda hayratlantirdi va oʻz kolleksiyam uchun oʻzbek matolaridan yangi ijodiy naʼmunalar yaratish gʻoyasi tugʻildi. Bu yerda oʻzbek dizaynerlari bilan fikr almashdim. Ularning oʻzbek modasini jahon podyumlariga olib chiqish uchun qilayotgan ishlarida koʻmaklashmoqchimiz. Umid qilamanki, bu borada yaxshi yangiliklar yarata olamiz”, deya taʼkidladi.

Dastur doirasida “Milliy va zamonaviy moda: nazariya, amaliyot va tajriba” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya, modalar namoyishi, Yakkabogʻ tumanida etnosport musobaqalari, milliy taomlar namoyishi, mahalliy usta-hunarmandlar mahsulotlari koʻrgazmasi, “Amir Temur harbiy tayyorgarlik mashqlarida” nomli teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, va mahorat darslari tashkil etildi.

Shuningdek, Shahrisabz shahridagi diqqatga sazovor tarixiy joylarga sayohatlar uyushtirildi.

Tadbirlar davomida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil etilib, Qashqadaryoning betakror turistik manzillari borasida keng jamoatchilik uchun qiziqarli materiallar tayyorlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?