Qashqadaryoda “aqlli” qoʻl protezi yaratildi

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali dotsenti, texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori Qudratjon Zohirov fikr kuchi bilan boshqarish mumkin boʻlgan va sunʼiy intellekt asosida harakatlanadigan qoʻl protezini yaratdi.
“Aqlli” protezning koʻrinishi oddiy protezlardan farq qilmaydi. Faqat unga maxsus dasturiy taʼminotga ega sensor hamda sensor orqali berilgan buyruqlarni amalga oshiradigan mexanizm oʻrnatilgan. Protez qoʻlning nuqsonli qismiga, sensor esa sogʻ qismiga oʻrnatiladi. Sensor inson miyasidagi fikrni mushaklar orqali kelayotgan elektromiografiya signali orqali oʻqib, apparatga buyruq yuboradi. Natijada, mexanizm harakatga tushadi. Sodda qilib aytganda, siz stol ustidagi ruchkani olib, daftarga yozmoqchisiz. Shu haqda oʻylashingiz bilan ruchkaga qoʻl uzatasiz. Prtotezdagi panjalar darhol harakatga kelib, ruchkani tutadi va yozishni boshlaydi.
— Bunday texnologiya jahonda mavjud, — deydi Qudratjon Zohirov. — Biroq ularning dasturiy taʼminoti, ishlash mexanizmlari va funksiyadorligi bir-biridan farq qiladi. Ushbu turdagi qurilmalarni mahalliylashtirish orqali ancha mablagʻ tejalishi mumkin. Ayni paytda bu texnologiyani yanada mukammallashtirish ustida ish olib borayapmiz. Shundan soʻng patentlash va ishlab chiqarishga joriy etish bosqichlariga oʻtish mumkin.
Yosh olimning aytishicha, bunday protezlarni yurtimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali ularning bir necha barobar arzonlashtirish hamda nogironligi boʻlgan minglab odamlarning hayotini ancha osonlashtirish mumkin.
Bundan tashqari, Qudratjon Zohirov jamoasi bilan birgalikda sport kurashida sportchilarning harakatlarini masofaviy tahlil va nazorat qilib borish imkonini beradigan texnologiya yaratish ustida ham ish olib bormoqda. Mazkur loyihada kurash sporti bilan shugʻullanuvchi sportchilarning turli usullar va texnik mashqlarni bajarishlari davomidagi harakatlarini tahlil qiluvchi dasturiy vosita yaratiladi. Dasturiy vosita sunʼiy intellekt asosida ishlaydi, yaʼni, sportchining jismoniy holati qay daraja ekanini bashorat qiladi.
Eʼtiborli tomoni, tadqiqotchi mazkur loyiha uchun 500 million soʻm miqdoridagi davlat dasturlari doirasidagi grantni ham qoʻlga kiritibdi.
— Ushbu moliyaviy koʻmak ishimiz uchun zarur texnologiyalarni xarid qilish va izlanishlarni izchil davom ettirishimiz uchun juda katta qoʻllab-quvvatlov boʻldi, — deydi tadqiqotchi. — Ayni paytda bu loyihaning ilmiy yechimlari ustidagi ishlarimiz yakunlandi. Endi dasturiy vosita hamda zarur mexanizmlarni yaratishga kirishamiz. Yil soʻngiga qadar ushbu texnologiyani yaratish ishlarini ham toʻliq yakunlaymiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring