Qasddan qilinmaydigan qotillik yoxud yoʻl-transport hodisalari sodir etilishining oldini qanday olish mumkin?
Har yili dunyo boʻyicha 1, 2 milliondan ortiq insonlar avtohalokatlar qurboniga aylanadi. Bu hodisalar natijasida turli tan-jarohati olib, mayib-majruhga aylanganlar soni esa 20 milliondan koʻp. Agar ushbu hodisalarning bir necha yillik hisobotlari olinib umumiylashtirilsa, avtohalokatlardan qurbon boʻlganlar soni hayratlanarli miqdorni tashkil etishi aniq. Albatta, bu juda achinarli holatdir. Bunday halokatlarning qanchalik ayanchli ekanligini shu kabi hodisalar oʻzi yoki yaqinlari boshiga tushgan yoki koʻnglida ozgina boʻlsa ham rahm-shafqat boʻlgan insonlar yaxshi tushunadi.
Uzoq yillardan buyon barcha davlatlarda bunday hodisalar sodir boʻlishining oldini olish boʻyicha turli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Lekin shunga qaramay hech bir davlatda yoʻl-transport hodisalarini sezilarli ravishda kamaytirishga, ular sodir etilishining oldini olishga erishib boʻlmayapti. Aksincha, bunday avtohalokatlar yil sayin ortib borayotir. Hatto, transport vositalari va yoʻllari yuqori sifatli boʻlgan davlatlarda ham. Bunday maʼlumotlarni BMTning har yili berib boradigan hisobotlarida ham koʻrish mumkin.
Yurtimizda yoʻl-transport hodisalari sodir etilishi oqibatida har yili 2 mingdan ortiq insonlar bevaqt halok boʻlmoqda. 10 ming nafarga yaqin insonlar esa turli tan-jarohatlari oladi. Ularning anchagina qismi esa voyaga yetmagan yoshlardan iboratligi achinarlidir.
Oʻtgan yili yanvar oyida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz yoʻl-transport hodisalari tufayli koʻplab insonlar halok boʻlayotganligini aytar ekan, bunday baxtsiz hodisalar sodir etilishi holatlarining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha zudlik bilan chora-tadbirlar koʻrish haqida koʻrsatma va topshiriqlar bergandi.
Shundan soʻng, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha koʻplab ishlar olib borildi va ular izchil davom etmoqda. Ammo bu borada hali qilinishi zarur boʻlgan vazifalar ham koʻp.
Xoʻsh, yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari nimada? Ularning oldini olish va bartaraf etish choralarini yana qanday shakllarda kuchaytirish mumkin?
YTHning kelib chiqish sabablari nimada?
Yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari juda koʻp. Ularning baʼzilarini quyidagicha talqin qilish mumkin.
Koʻpchilikka yaxshi maʼlumki, avtohalokatlar qasddan sodir etilmaydi, aksincha, haydovchilarning ehtiyotsizliklari natijasida sodir boʻladi. Bunga baʼzan yoʻl-harakati boshqa ishtirokchilarining ham ehtiyotsizliklari sabab boʻlishi mumkin. Shunga koʻra, ayniqsa, haydovchi ehtiyotsizlikka yoʻl qoʻymasligi, hushyorlik bilan transport vositasini boshqarishi zarur. Ehtiyot choralarini qoʻllagan holda harakatlanishi uchun esa, transport vositasini boshqarish hamda yoʻllardan foydalanishda kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlardan xabardor boʻlishi, ularni yaxshi bilishi lozim.
Lekin afsuski, haydovchilarning koʻpchilik qismi harakat paytida kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavf-xatar va ular sodir boʻlishining oldini olish uchun qoʻllanishi lozim boʻlgan ehtiyot choralari haqida yetarli bilim va tushunchaga ega emas. Chunki haydovchilikka oʻqitish kurslarida yoki shu sohaga oid oʻrta-maxsus, oliy oʻquv yurtlarida ham yetarlicha bilim berilmaydi. Bu kamchiliklar barcha davlatda ham mavjud. Ammo haydovchilarning transport vositalarini boshqarish hamda yoʻllardan foydalanishda kelib chiqish mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni bilishi suv va havodek zarur. Aks holda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan avtohalokatlarning oldini olib boʻlmaydi.
Faqatgina transport vositalarini boshqarishni va yoʻl-harakati qoidalarini bilgan haydovchilarni ham har tomonlama yetuk, deb hisoblash notoʻgʻri. Masalan, qishli kunlarda muzlagan va sirpanchiq yoʻllarda qanday harakatlanish boʻyicha ham bilim kerak. Bu borada ehtiyot choralari haqida bilim va tushunchaga ega boʻlmagan haydovchilar transport vositasini boshqarish chogʻida avtohalokatga uchramaydi, deb hech kim aytaolmaydi.
Haydovchilikka tayyorlashda yana bir qoʻpol xato-kamchilikka yoʻl qoʻyilmoqdaki, bu ham avtohalokatlarning kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri, deyish mumkin.
Haydovchilikka oʻqitish kurslari va shu soha bilan bogʻliq boʻlgan oʻrta-maxsus hamda oliy oʻquv yurtlarida oʻquvchilariga transport vositalarini boshqarish oʻrgatilsada, lekin ularga ob-havo yomon sharoitlarda, yaʼni yomgʻir, qor yogʻayotganida, yoʻllarning ustki qismi muzlagan boʻlib, sirpanchiq boʻlgan holatlarda, kuchli shamol esayotganida yoki boʻron paytida, tunda yoʻllarning yoritilmagan qismlarida yoxud tumanda koʻrish yomon boʻlgan holatlarda, xavfli burilishlarda, baland tepaliklarga chiqish va tushishda transport vositalarini toʻgʻri hamda xavfsiz boshqarish, qiyin va murakkab sharoitlarda kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarini oldini olish uchun ehtiyot choralarini qoʻllash borasida yetarli bilimlar berilmaydi.
Natijada koʻplab ayanchli halokatlar sodir boʻlmoqda.
Shuningdek, amaliyot chogʻida transport vositalarini xavf-xatarsiz boshqarishda haydovchilar uchun qanday harakatlar xavfli ekanligi, ularni sodir etish taqiqlanishi haqida yoʻl-harakati qoidalarida yetarli aks etmagan va tushuntirishlar ham olib borilmaydi.
Misol uchun, haydovchining transport vositasini boshqarib ketayotib telefonda gaplashishi, turli video-chatlarga kirishi, ichimlik ichishi, ovqatlanishi, chekishi, yosh bolalariga chalgʻishi oqibatida bir necha soniyalarga boshqaruvga eʼtiborni qaratmaslik natijasida oʻz yoʻnalishidan chiqib ketishi, biron toʻsiqqa yoki qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan ulov bilan toʻqnashib ketishi yoxud oldinda ketayotgan avtomashinaga urilish holatlari tez-tez uchrab turadi.
Transport vositalarini xavf-xatarsiz boshqarishda haydovchilarning ruhiy holati yaxshi boʻlishi ham katta ahamiyatga ega. Transport vositasini boshqarayotib asabiylashish, xafa yoki norozi boʻlishi, tushkunlikka tushish va shu kabi salbiy holatlarda boʻlishi koʻpincha avtohalokatga olib keladi.
Aslida transport vositasini boshqarib ketayotib asabiylashish aslo mumkin emas. Lekin shunga qaramay amaliyotda haydovchilarga transport vositalarini boshqarayotib asabiylashish mumkin emasligi haqida tushuntirish ishlari olib borilmaydi, bu boʻyicha bilim berilmaydi.
Bu hali hammasi emas. Yoʻl-transport hodisalarining sodir boʻlishi holatlariga piyodalarning yoʻl-harakati qoidalariga amal qilmasliklari ham sabab boʻlmoqda. Ularning yoʻl-harakati qoidalariga amal qilmasliklarining sababi esa, yoʻllardan foydalanishda kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlardan xabardor emasligidadir. Piyodalarning yoʻl-harakati qoidalarini buzishi transportlarni oʻz yoʻnalishidan chiqib agʻdarilib ketishga, boshqa transport bilan toʻqnashishiga, piyodalarni urib yuborish va boshqa shu kabi halokatlarning sodir boʻlishiga olib kelyapti.
Shuningdek, avtohalokatlarning sodir etilishiga yoʻlovchilarning notoʻgʻri xatti-harakatlari ham sabab boʻlmoqda. Yoʻlovchilarning transport vositasida ketayotib boshqa yoʻlovchilar bilan gap talashib shovqin koʻtarishi, urishishi oqibati ham turli avtohalokatlar sababchisiga aylanmoqda.
Demak, ushbu faktlar ham yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlashda qilinadigan ishlarning koʻpligini bildiradi.
“Aqlli yoʻllar”ni qurish vaqti keldi
Yoʻl-transport hodisalarining sodir boʻlishi holatlariga yoʻllarning nosozligi, ularning xavfsizlik talablariga javob bermasligi, xavfli burilishlarda koʻrinishning yomonligi, qarama-qarshi yoʻnalishlarning oʻrtasi toʻsilmaganligi, 2-darajali yoʻllarning, asosiy yoʻllarga qoʻshilish qismida xavfsizlik toʻsiqlarining yoʻqligi va boshqa holatlar ham sabab boʻlmoqda.
Shunga koʻra, yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlish holatlarining oldini olish uchun transport vositalarining haydovchilari va yoʻl-harakatining boshqa ishtirokchilari yoʻllardagi nosozlik hamda turli murakkabliklar tufayli yoʻllardan foydalanish va harakatlanish vaqtida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar hamda ularni bartaraf etish uchun qoʻllanishi lozim boʻlgan ehtiyot choralari haqida tegishli bilim va tushunchalarga ega boʻlishi zarur.
Shu bilan birga, mutasaddi vazirlik va qoʻmitalar tomonidan yoʻllarning murakkabligi hamda nosozligi tufayli kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarni bartaraf etish hamda zamonaviy, qulay, xavfsiz va “aqlli yoʻllar”ni qurish choralari koʻrilishi lozim. Chunki yurtimiz yoʻllari sifatli, qulay, xavfsiz va zamonaviy boʻlishi kerak.
Germaniya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa koʻplab rivojlangan davlatlarda avtomobil yoʻllari oʻta sifatli va xavfsiz qurilgan. Ularda koʻplab “aqlli yoʻllar” mavjud.
Yoʻllarning oʻrtasi sifatli qilib toʻsilgan. Bunda hatto bir nechta transport vositalari toʻqnashib, agʻdarilib yoki yonib ketganda ham qarama-qarshi tomondagi yoʻl qismlariga hech qanday xavf tugʻdirmaydi va ularni qatnoviga xalal bermaydi.
Yoʻllarning har ikkala tomon chetlari ham toʻsilgan boʻlib bu esa, yoʻlning qatnov qismiga chetdan piyodalar, mast-alastlar, nogironlar, yosh bolalar, velosiped haydovchilari, uy hayvonlari va boshqa shu kabi xavf-xatarlarni yoʻldan kutilmaganda chiqib qolishlarini oldini oladi.
Ushbu yoʻllarning chekka qismidan soʻng esa velosiped haydovchilari uchun va piyodalar uchun ikki xil ranglar bilan ajratilgan alohida yoʻlaklar mavjud. Soʻngra gullar ekilgan, oʻrindiqlar qoʻyilgan, daraxtlar bilan qoplangan soya-salqin maydonlar bor. Bunday yoʻllar ham xavfsiz, ham qulay, ham goʻzal boʻlib insonlarni xavf-xatarlardan saqlaydi va shu bilan birga, barchani kayfiyatini koʻtaradi.
Asosiy yoʻllarga ikkinchi darajali yoʻllarning qoʻshilishi ham oʻta xavfsiz boʻlib, qoʻshilish joylari maʼlum bir xavfsizlik toʻsiqlaridan iborat. Hatto asosiy yoʻldan kelayotgan avtomashina haydovchisi ikkinchi darajali yoʻldan asosiy yoʻlga qoʻshilayotgan avtomashina bilan qastdan toʻqnashuv qilishni xohlasa ham buni uddasidan chiqa olmaydi. Chunki yoʻllar oʻta xavfsiz qilib qurilgan.
Xullas, ushbu yoʻllarning xavfsiz va qulayliklari haqida koʻplab misollar va xorij tajribalarini keltirish mumkin. Bu yoʻllar xavf-xatarlarni oldini olish, xavf-xatarlar haqida ogohlantirish va xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Bejizga bu yoʻllarni “aqlli yoʻllar” deb atashgan emas. Yurtimizda ham mana shunday sifatli, xavfsiz, qulay, goʻzal, “aqlli yoʻllar”ni koʻplab qurishni yoʻlga qoʻyish joiz.
Yana avtohalokatlarni sodir boʻlish holatlariga yoʻllarda vujudga keladigan yoki kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlardan ogohlantiruvchi, hushyorlikka chaqiruvchi, tegishli maʼlumotlarni bildiruvchi, zarur boʻlsa, xavf tugʻilganda transport vositasini toʻxtatish choralarini koʻruvchi, haydovchining yoʻl qoʻygan xatolarini bartaraf qiluvchi va ularning xavfsizligini taʼminlovchi uskunalarning oʻrnatilmaganligi ham sabab boʻlmoqda.
Shu bois transport vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni ham yoʻl-transport hodisalarini sodir boʻlish holatlarining oldini olish va bartaraf etish masalalariga jalb etish zarur va muhimdir.
Qolaversa, avtohalokatlarning sodir boʻlish holatlariga ushbu halokatlarni oldini olishga masʼul tashkilotlar vakillari tomonidan yoʻl-harakati ishtirokchilariga xavfli holatlardan saqlanish haqida tushuntirish ishlari va boshqa chora-tadbirlarni yetarli ravishda koʻrmasliklari sabab boʻlmoqda.
Baxtsiz hodisalarning oldini qanday qilib olish mumkin?
Har qanday muammo yechimini topishda ilmiy-falsafiy yondashuv kerak.
Yoʻl-transport hodisalarini sodir boʻlish holatlarini oldini olish va ularni bartaraf etish uchun, avvalo, ularning kelib chiqish sabablarini yuzaki emas, mukammal, har tomonlama va xolisona aniqlab olish shart.
Yuqorida qayd etilgan bilimlar yetishmasligi sabab haydovchilarning malakasini oshirish, zarur boʻlsa qaytadan oʻqitish zarur, deb oʻylayman. Shuningdek, haydovchilikka oʻqitish sifatini yaxshilash, boʻlajak haydovchilarga transport vositalari va yoʻllardan foydalanishda kelib chiqishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun qoʻllanadigan ehtiyot choralari yuzasidan tushunchalar berish kerak. Bu borada masʼul va taalluqli idoralar, oʻquv muassasalari masʼuliyatini oshirish juda muhim.
Aholini hammasi yoʻl-harakatining faol ishtirokchilaridir. Shu maʼnoda, piyoda ham, haydovchi ham yoʻl harakat qoidalarini puxta bilishi lozim. Bu borada bir qator oʻquv qoʻllanmalar chop etilmoqda. Ushbu qoʻllanmalarni, kitoblarni har bir xonadonga kirib borishni tashkil etish aholining bu boradagi bilimlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan vazifalarni amalga oshirish, haydovchilar ishtirokchilar va yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga yetarli bilim, tushuncha va tajribalarni berish uchun yoʻl-harakat qoidalariga qoʻshimcha oʻzgartirishlar kiritish, darsliklar ishlab chiqish, haydovchilikka oʻqitish usullarini yangi metod asosida olib borish ham davr talabidir.
Yana bir masala shundaki, avtohalokatlarning oldini olishda OAVlar kuchidan samarali foydalanish zarur. Shu orqali aholining YTH haqidagi xabardorligi va bilimini oshirish borish, tele-radio, matbuotda va boshqa axborot manbalarida yangi dasturlar tashkil etish ham foydadan xoli emas.
Avtohalokatlarning sodir boʻlishiga yoʻllardagi xato va kamchiliklar, turli xavf-xatarlarning mavjudligi sabab boʻlayotganligini hisobga olgan holda, yurtimiz yoʻllarini har bir kilometrini maxsus komissiya ishtirokida qayta koʻrib chiqish va xavfsiz va qulay “aqlli yoʻllar”ni qurish rejalarini tuzish, uni amalga oshirish choralarini koʻrib chiqish zarur.
Transport vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni ham yoʻl-transport hodisalarini oldini olishni va bartaraf etish masalalariga jiddiy jalb etish, ular isteʼmolchilarga yetkazib berayotgan mahsulotlarni xavfsizlik talablariga toʻla javob berishlarini nazorat qilish kerak.
Chorrahalarda tez-tez yoʻl-transport hodisalari sodir boʻlishini inobatga olib, chorrahalar oʻrniga koʻpriklar qurish orqali ular sonini imkoniyat darajasida kamaytirish, yoki ularni oʻzgartirish va qayta qurish orqali qulay hamda xavfsiz yoʻllarga aylantirish lozim.
Yana bir masala, yoʻllardagi svetoforlarning sifatsizligi, bir ishlab, bir ishlamasligi ham avtohalokatlar sodir boʻlmoqda. Shunga koʻra, svetoforlarning har birini chorrahalarning katta-kichikligi, bosib oʻtiladigan masofani uzoq-yaqinligi, transport vositalarining serqatnov yoki kamligiga qarab, uni chiroqlarini yonib-oʻchish oraligʻini qaytadan belgilab chiqish lozim. Umuman olganda, svetoforlarni xavfsiz holatga keltirilishi uchun bu boradagi vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish zarurati mavjud.
Darvoqe, piyodalar oʻtish yoʻllarini ham qayta koʻrib chiqish, zamon talablari asosida yangilash, xorij tajribasidan kelib chiqib, “aqlli oʻtish yoʻlaklari”ni joriy qilish vaqti keldi.
Piyodalar oʻtish yoʻllarini boʻrttirib koʻrsatadigan, haydovchilar ushbu yoʻldan oʻtayotganda ularni hushyorlikka majburlaydigan turli animatsion usullaridan foydalanish ham maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, imkoniyatdan kelib chiqib, piyodalarni oʻtish joylarini yerning ostidan yoki ustidan qilib qurish piyodalarning xavfsizliklarini saqlashni eng toʻgʻri va oqilona yoʻli boʻladi.
Xullas, avtohalokatlarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar koʻp. Ularni oʻz vaqtida va vijdonan amalga oshirish, muammolarni bartaraf etish nafaqat insonlar hayotini saqlashda, balki mamlakatimiz taraqqiyoti uchun ham xizmat qiladi.
Neʼmatjon JONUZOQOV,
huquqshunos.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring