Qasddan YPX xodimini urib yuborgan haydovchiga jinoyat ishi ochildi

10:59 30 Yanvar 2025 Jamiyat
190 0

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Jondor tumanida fuqaro oʻz boshqaruvidagi avtomashina bilan YPX xodimini urib yuborgani haqidagi xabarlar keng tarqalgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unga koʻra, voqea joriy yilning 28-yanvar kuni 12:34 larda Jondor tumani markazida sodir boʻlgan. Xizmat vazifasini olib borayotgan YPX xodimi boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit berib toʻxtab turgan “Cobalt” haydovchisiga notoʻgʻri toʻxtab turganligini tushuntirib, ushbu qoidabuzarligi sabab haydovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirishini maʼlum qilgan.

Shundan soʻng, 1980-yilda tugʻilgan haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan xodimning ustiga avtomobilni boshqarib, qasddan uni urib yuborgan hamda ushbu yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan “Matiz” avtomashinasi bilan toʻqnashgan.

“Holat natijasida, YPX xodimi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi”, — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati Jondor tumani prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?