Qarzdorlik muammolarni koʻpaytiradi

15:04 03 Oktyabr 2023 Jamiyat
459 0

Foto: Daryo

Yer sharining toʻrtdan uch qismi suv bilan qoplangan boʻlsada, chuchuk suv yil sayin sayyoramizning eng bebaho tabiiy resursiga aylanib bormoqda. Boisi kurrai zaminimizdagi mavjud suvlarning 2,5 foizigina ichishga yaroqli hisoblanib, u ham qator ishlov jarayonlaridan oʻtkaziladi.

Xususan, Navoiy shahriga ichimlik suvi yetkazib berish uchun Zarafshon daryosidan qabul qilingan suv “Navoiy issiqlik manbai” DUK tomonidan toʻrt bosqichda tozalanib, turli bakteriya va infeksiyalar zararsizlantirilganidan soʻnggina isteʼmolchilarga yetkaziladi. Umuman olganda korxona Navoiy shahridan tashqari Zarafshon, Uchquduq shaharlari hamda Konimex tumanining Zafarobod qoʻrgʻonida 70 mingga yaqin aholi isteʼmolchilarini ichimlik suvi bilan taʼminlaydi.

Aynan Navoiy shahri aholisi haqida gapiradigan boʻlsak, ular bir metr kub suv uchun 550 soʻm toʻlashadi. Bu pulga bugun isteʼmol bozoridan nima xarid qilish mumkin, degan savolga amalda faqat bir metr kub suv degan gap ham aynan Navoiyda yuradi. Lekin “toma-toma koʻl boʻlur” deganlaridek, bugun navoiylik isteʼmolchilarning ichimlik suvdan qarzdorligi 17 milliard soʻmni tashkil etib, qarzdorlikni bartaraf etish muayyan qiyinchiliklarni tugʻdirib, vaziyat sudma-sud bir-birini sudrashgacha borib yetmoqda.

— Bundan tashqari viloyat aholisining “Viloyat suv taʼminoti” MCHJdan qarzdorligi 7 milliard soʻmdan ziyodroqni tashkil etadi, — deydi “Issiqlik manbai” DUK Navoiy filialining analitik xizmat boʻlimi boshligʻi Sobir Joʻrayev. — Bugungi kunda barcha isteʼmolchilar ogohlantirilib, qarzlarni undirish choralari koʻrilmoqda. Ogohlantirishdan tegishli xulosa chiqarmagan isteʼmolchilarimiz boʻyicha hujjatlar fuqarolik sudlariga yuborilmoqda.

Viloyatda isteʼmolchilarga toʻlov uchun qulaylik yaratish maqsadida elektron toʻlov tizimi ham joriy etilib, shaxsiy hisob raqam orqali isteʼmol qilingan ichimlik suvi yoki isitish tizimi uchun onlayn tarzda pul toʻlov qabul qilinmoqda. Maqsad taʼminotchi korxonalarning hisob raqamidan tashqaridagi mablagʻlarini suv taʼminotidagi barqarorlikni saqlash va asosiy tarmoqlarga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdan iboratdir.  

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, 2022-yilda viloyatda 56,6 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga 332 km ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 18 dona ichimlik suv inshootlari qurildi. Aholining ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi esa 68,2 foizdan 76 foizga yetkazildi. Joriy yilda esa davlat dasturlari va boshqa manbalar hisobidan 200 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilishi belgilangan boʻlib, mazkur mablagʻlarga 801,8 km uzunlikdagi ichimlik suv quvurlarini tortish hamda 15 ta suv inshootlarida qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi joriy 76 foizdan 81,5 foizga yetkaziladi. Biz yuqorida keltirgan qarzdorlikning undirilishi esa bu ishlar koʻlamini yanada oshirishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?