Qarshi shahrida respublikada birinchilardan boʻlib, Maʼnaviyat maskani ochildi

21:55 03 Sentyabr 2021 Madaniyat
2197 0

Qarshi shahrida Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan mamlakatimizda birinchilardan boʻlib, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega Maʼnaviyat maskani binosi foydalanishga topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021-yil 19-yanvar kuni oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida hududlar markazida namunaviy loyiha asosida maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etish yuzasidan koʻrsatma berilgan edi.

Shu asosda barpo etilgan ikki qavatli muhtasham binoning birinchi qavatida nuroniylar hordiq chiqarishi uchun joy – dam olish, trenajyor zallari, kutubxona, oshxona, yuvinish xonalari, shuningdek, anjumanlar zali joylashgan.

Yuqori qavatda esa Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimlari faoliyat koʻrsatadi. Rahbar va mutaxassislar xonalari, majlislar zali, kutubxona zamonaviy jihozlar, kompyuterlar, kitoblar jamlanmalari bilan jihozlangan. Qurilish ishlari «Qarshi bankstroyservis» MCHJ quruvchilari tomonidan bajarildi.

Maskandagi yana bir eʼtiborga molik jihat shuki, zal va xonalar boʻylab mumtoz musiqalar, oʻzbek adabiyoti namunalari eshittirib turiladi. Endilikda mazkur audiofayllarni madaniyat va istirohat bogʻiga ham yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

— Bunday qulaylik bizga kuch va ilhom bagʻishlaydi, - deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari Lola Saodatova. – Yaqin istiqbolda maʼnaviy-maʼrifiy ekspeditsiyalar uyushtirish, milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish maqsadida “Baxshiga baxshida kun”, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalangan holda “Maʼnaviyatga yoʻl” intellektual tanlovini tashkil etish, yoshlarning adabiyot va sanʼatga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida “Adabiyotga sayohat” kabi loyihalarni oʻtkazish, “Bir ziyoli – namunali homiy”, “Eng namunali muassasa”, “Eng namunali tashkilot” tanlovlarini oʻtkazish, ijtimoiy, badiiy adabiyotlar chop etish kabi vazifalar kun tartibimizda turibdi.

Maʼnaviyat maskanining ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?