Qarshi davlat universitetida yangi obyekt foydalanishga topshirildi

18:06 30 Iyul 2024 Jamiyat
201 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qarshi davlat universitetida yangidan barpo etilgan Turizm amaliyot markazi hamda Muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, universitet rahbariyati hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, Turizm amaliyot markazi 4 yulduzli mehmonxona andozasida barpo etilgan boʻlib, endilikda universitetning turizm va mehmondoʻstlik taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar bevosita amaliyot oʻtashi mumkin.

Markaz mehmonlarni kutib olish, joylashtirish, umumiy ovqatlantirish xizmatlari, anjumanlar zali va oʻquv xonalarini oʻz ichiga olgan.

Muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi fotoelektrik quyosh qurilmalarini ishlashini va quyosh panellarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi monitoringini olib borishga moʻljallangan boʻlib, bu yerda muqobil energiya manbalari yoʻnalishida taʼlim oladigan talabalar amaliyot oʻtashi, yosh olimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

— Soʻnggi yillarda universitetda zamonaviy binolar qad rostlab, moddiy-texnik baza yangilandi, — deydi universitet rektori, professor Dilmurod Nabiyev. — Yangi oʻquv yilini yanada yaxshilangan sharoitlarda qarshi olmoqchimiz. Chunki sifatli taʼlim uchun yaratilayotgan bu imkoniyatlar talaba-yoshlarning kelgusida bilimli va dunyoqarashi keng kadrlar boʻlib kamol topishida muhim poydevor vazifasini oʻtaydi.

Shu kuni vazir boshchiligidagi masʼullar oliy taʼlim muassasasining Biokimyo va Mikrobiologiya oʻquv laboratoriya xonalari, Akademik faoliyat va registrator boshqarmasini borib koʻrishdi. Joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 1000 oʻrinli oʻquv binosida boʻlib, ishlarni sifatli amalga oshirish boʻyicha tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?